FOTOREPORTAJ
Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha U17 yosh toifasidagi navbatdagi Osiyo kubogida yosh futbolchilarimiz finalda mezbon jamoa vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildilar.
Ayniqsa, yosh futbolchilarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, barcha uchrashuvlarni g‘alaba bilan yakunlab, rekord natija ko‘rsatishgani chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi. Quvonarlisi, butun O‘zbekiston xalqiga katta quvonch ulashgan mazkur katta yutuqqa Farg‘ona farzandlari – bosh murabbiy Islomjon Ismoilov, futbolchilar Asilbek Aliyev hamda Jamshidbek Rustamov ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdi.
Kecha “Samo” sport majmuasida farg‘onalik chempionlarni tantanali kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov butun xalqimiz nomidan erishilgan katta yutuq bilan barcha futbol muxlislarini tabriklab, bu tarixiy g‘oliblikka munosib hissa qo‘shgan bosh murabbiy Islomjon Ismoilov Prezidentimiz Farmoniga asosan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, futbolchilar Asilbek Aliyev va Jamshidbek Rustamovlar “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanganini mamnuniyat bilan aytib o‘tdi. Tadbirda so‘z olganlar yosh sportchilarimizning bu tarixiy yutug‘i mamlakatimizda sportga, jumladan, millionlar o‘yini bo‘lgan futbolga katta e’tibor berilayotganining mevasi ekanligini ta’kidladilar.
[gallery-22966]
Osiyo chempionlariga kuzda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidagi ishtiroklarida ham omadlar tilaymiz.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA