Farg‘onada bolalar oromgohlari yetarlimi yoki nega 8-10 sinf o‘quvchilari qabul qilinmaydi?
– Farg‘ona viloyatida joriy yilda 12 ta turg‘un oromgohlar faoliyat yuritib, ularda 8 ming 310 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat kengashi bo‘limi mudiri G‘anisher Payziyev. – Hozirgi kunga qadar 7 ming 181 nafar bola sog‘lomlashtirilishiga erishildi. Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning a’lo baholarga o‘qigan 3 ming 990 nafar farzandlarini jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 2 ming 237 nafari oromgohlarda dam oldi. Yuqoridagilardan tashqari, oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan 101 nafar bola ham “Oltiariq” oromgohida bo‘ldi.
Bir qarashda hammasi ko‘ngildagidek. Chunki viloyatdagi bolalar oromgohlari yozgi ta’tilga puxta tayyorlandi, ta’mirlandi, jihozlandi, yo‘llanmalar ochiq savdoga qo‘yildi.

Lekin, oromgohdagi o‘rinlar yetarlimi?
Ma’lumki, negadir bolalar oromgohida dam olish huquqiga 7-14 yoshlilar, ya’ni maktablarning 7-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarigina haqli. Negadir yuqoriroq sinf o‘quvchilari bolalar oromgohlariga qabul qilinmaydi.
– Farg‘ona viloyatida 474 ming 151 nafar 1-7 sinf o‘quvchilari va 161 ming 837 nafar 8-10 sinf o‘quvchilari tahsil oladi, – deydi viloyat MMTB bo‘limi boshlig‘i Abror Madg‘oziyev.
Endi ikki raqamga e’tibor qiling Farg‘ona viloyatida yuqorida ta’kidlanganidek, 474 ming 151 nafar 1-7 sinf o‘quvchilari bo‘lgani holda ularning 8 ming 310 nafarigina bolalar oromgohlari xizmatidan foydalana oladi. Bu o‘quvchilarning 1,7 foizi deganidir. Qolaversa, yana yuqorida ta’kidlanganidek, 161 ming 837 nafar 8-10 sinf o‘quvchilari ham bu huquqdan bebahra.

Bu savollarga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari nima der ekan?
Muhammadjon Obidov, O‘zA