Farg‘onadagi oromgohlar o‘quvchilarga muntazir
Farg‘ona viloyatida yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda. Oromgohlarda bolajonlarning maroqli hordiq chiqarishi, jismoniy chiniqishi, bilimlarini yanada boyitishi uchun barcha qulaylik va sharoitlar yaratilmoqda.
– Bu yil viloyatdagi 19 ta statsionar oromgohda 12 ming 700 nafar, maktablar qoshida tashkil etiladigan 127 ta kunduzgi oromgohlarda 21 ming 100 nafar bola dam oldirilishi rejalashtirilgan, – deydi viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. – Mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha viloyat muvofiqlashtiruvchi guruhi tuzilgan va barcha mas’ullarning vazifalari belgilab berilgan. Joylardagi bolalar oromgohlarini mavsumga tayyorlash ishlari o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

“Marg‘ilon ixtisoslashtirilgan ta’mir-qurilish” xususiy korxonasi tasarrufidagi “Humo” bolalar oromgohi Farg‘ona shahar “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan. 4,2 gektar maydonni egallagan oromgohda ta’mirlash-qurilish va montaj ishlari avjida. Bu yilgi mavsumda to‘rt smenada jami 1100 nafar bolajonlarning sevimli maskaniga aylanishi rejalashtirilayotgan hudud uchun hozirgacha 3,5 milliard so‘m investitsiya mablag‘i jalb etilgan. Natija esa ko‘rinib turibdi: stol-stullardan tortib yumshoq mebellargacha yangi olib kelingan, 240 o‘rinli oshxona va dam olish xonalari, kanalizatsiya va suv tarmoqlari to‘liq ta’mirdan chiqarilgan, bo‘yash ishlari oxiriga yetkazilish arafasida.

– Oromgohdagi 11 nafar tarbiyachi, 9 nafar yetakchi, 11 nafar to‘garak rahbarlarining barchasi kasalliklarga qarshi emlandi, ularning har biri bilan rejalari haqida suhbatlashdim, – deydi oromgoh rahbari Sanobar Mixel. – Farg‘ona davlat universitetidan talabalarni jalb etish ham ko‘zda tutilmoqda. Sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi boshqarmalari kamchiliklarni bartaraf etishda ko‘maklashmoqda.

Quvasoy shahridagi 6,1 gektar maydonga ega “Nihol” bolalar oromgohida ham talay muammolar yig‘ilib qolgan. – Obodonlashtirish ishlarini imkon qadar amalga oshiryapmiz. Ishchi guruhlari kelib o‘rganib ketishadi-yu, arzirli natija ko‘rinmaydi. Hozir bizga qo‘shimcha yordam zarur, axir ta’til boshlanishiga sanoqli kunlar qolmoqda, – deydi oromgoh rahbari Katya Umirova. – Asosiy muammo – suv ta’minoti. Suv minorasi nasosini, oshxona pechlarini yangisiga almashtirish, elektr jihozlarini ta’mirlash, tungi chiroqlarni o‘rnatish kerak.

Garchi har smenada 200 nafar bola qabuli rejalashtirilgan bo‘lsada, bu yerdagi mavjud oshxonada faqat 100 kishiga ovqat tayyorlash imkoni bor, xolos. Qobilbek qishlog‘idagi “Kimyogar” oromgohi “Farg‘onaazot” AJ tasarrufida. 9 gektardan ortiq maydonni egallagan hududda obodonlashtirish, joriy ta’mirlash ishlari namunali tashkil etilgan. Mavsum davomida mingdan ziyod bolajonlarning hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Mutasaddilarning e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida muammolar o‘z yechimini topmoqda, – deydi oromgoh rahbari Maqsudjon Xoliqnazarov. – Ikkita cho‘milish havzasi foydalanishga tayyor. Karantin talablari asosida ish olib boryapmiz. Dam olish xonalaridagi krovatlarni 2 metr oraliqda joylashtirdik. Beshta muhim tashabbus bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi tuzilgan.
Farg‘ona viloyatida bolajonlar yoz mavsumini maroqli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Miriqib dam olish uchun salqin va bahavo hududlarda tashkil etiladigan turli o‘yin va ko‘ngilochar tadbirlar o‘quvchilar xotirasida muhrlanib qolishiga shubha yo‘q.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA