Farg‘ona tumanida sanoat, xorijiy investitsiyalarni jalb etish ko‘rsatgichi past bo‘lib, bu hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatar edi.
Bugun tadbirkorlik, sanoat, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, qishloq xo‘jaligini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish borasida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash, xususan, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarni ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Joriy yilda 37 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 23 ta loyiha ishga tushirildi.
O‘tgan davrda 728 ta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etilib, ularning soni 3 ming 894 taga yetdi. Shuningdek, faoliyat ko‘rsatmayotgan 75 ta tadbirkorlik sub’ektlarining 18 tasining faoliyati qayta tiklandi. Hozirda tumanda 20 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tumanning to‘rtta hududi – «Soy bo‘yi», «Mindonobod», «O‘rta qishloq» va «Xonqiz» mahalla fuqarolar yig‘inlarida qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan 16 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etildi. bugungi kunda ushbu yer maydonlari viloyat hokimligi huzuridagi «Kichik sanoat zonalarini tashkil etish» direksiyasiga tuman kengashi va tuman hokimining tegishli qarorlari asosida biriktirib berildi.
Hayotga tatbiq etilayotgan yangi-yangi loyihalar tadbirkorlik faoliyatini jahon andozalari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda. Bu boradagi ezgu tashabbuslar chekka hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, sanoatni rivojlantirish va shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Yosh tadbirkor Salohiddin Yunusov ta’sischiligida o‘z faoliyatini boshlagan “Ekokerama” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mahalliy yoshlar uchun 500 ta ish o‘rni yaratildi. Xorijdan eng zamonaviy texnologiyalar olib kelib o‘rnatildi. Davlatimiz rahbari joriy yilning 5-6 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrif chog‘ida korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, istiqbolli loyiha kelajagiga yuksak ishonch bildirdi.
– Hozirda korxonamiz yiliga 500 ming dona 20 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi jamiyat rahbari S. Yunusov. – Korxonamizda yaqin kelajakda yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmini 25 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Eng muhimi, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy qismi import o‘rnini bosish imkonini beradi. O‘z navbatida yiliga 5 million dollarlik mahsulotni chet elga eksport qilish ham mo‘ljallanmoqda.
Salohiddin Yunusov 15 yil mobaynida Xitoyda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan. Chin mamlakatida xalqaro tajribani o‘rgangan keng dunyoqarashga ega tadbirkor rus, ispan va ingliz tillarini yaxshi biladi.
Tadbirkor bilan samimiy muloqotda davlatimiz rahbari xom ashyo klasteri tashkil etish va korxona uchun o‘ttiz yillik zaxira yaratish tashabbusini ilgari surgan edi. Hozirda korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, santexnika buyumlari turi va salmog‘ini oshirish borasida biznes-rejalar ishlab chiqilyapti.
Yil yakuniga qadar “Baxodir Logon Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonada paxta tozalash zavodi va kalava ip ishlab chiqarish, “Vodiy Shoes” qo‘shma korxonasida poyabzal, “Ekokerama” mas’uliyati cheklangan jamiyatida santexnika buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu tumanda yillik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 316 milliard so‘mga yetkazish imkoniyatini yaratadi.
M.SULAYMONOV, O‘zA