Farg‘onada 552 ta loyiha ishga tushirildi
Farg‘ona viloyatida investitsiya dasturiga muvofiq, joriy yilda qiymati 7 trillion so‘m bo‘lgan 737 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan davr mobaynida 4,1 trillion so‘mlik 552 ta loyiha foydalanishga qabul qilindi. Qolgan loyihalar yil yakuni bilan to‘liq ishga tushirilishi ta’minlanadi.
Joriy yilda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida 41 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida 1,3 trillion so‘mlik yoki 136,4 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarildi. Buning natijasida ushbu loyihalar hisobiga 2 ming 500 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.
Shu bilan birga, mazkur korxanalar tomonidan 25,5 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltirildi.
Viloyatda 26 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur sanoat zonalariga umumiy qiymati 1 ming 838 milliard so‘m bo‘lgan 223 ta loyiha joylashtirildi.
Hisobot davrida 44 ta yangi xorijiy sarmoya ishtirokidagi qo‘shma korxona o‘z faoliyatini boshladi. 423,4 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilishi kutilmoqda.
Mazkur dastur doirasida Qo‘shtepa tumanidagi “Global textile solutions” MCHJ tomonidan paxta tozalash va paxtani qayta ishlash, Quva tumanidagi “Yingtai International Rent Service” MCHJ tomonidan intensiv bog‘ va muzlatgichli omborxona, Farg‘ona tumanidagi "EKOKERAMA" MCHJda santexnik buyumlar ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi.
Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov viloyatni 2020 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va kelgusi yilning istiqbolli rejalari haqida xalqqa murojaatida ma’lum qildi.
M. Sulaymonov, O‘zA