“Faol hayotga qadam”: islohotlar samarasi va mavjud muammolar
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va aholini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, keksa yoshdagilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, sifatli ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda fuqarolarning hayot sifatini oshirish, ularning mustaqil hayot ko‘nikmalarini rivojlantirish va jamiyatga to‘liq moslashuvini ta’minlash asosiy maqsad etib belgilangan.
Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardan biri “Faol hayotga qadam” dasturidir. Ushbu dastur nafaqat ehtiyojmand fuqarolarga manzilli ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, balki ularga xizmat ko‘rsatish sifati ustidan samarali nazorat o‘rnatish imkonini ham bermoqda.
Dastur ijrosi doirasida Ijtimoiy inspeksiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan Navbahor tumanida o‘tkazilgan kompleks o‘rganishlar davomida o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa yoshdagi fuqarolarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifati va holati atroflicha tahlil qilindi. Hozirgi kunda tumanda jami 198 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs mavjud bo‘lib, ularga amaldagi qonunchilik va milliy standartlar talablari asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinayotgani aniqlandi.
Jumladan, tumanning Mehnat mahallasida yashovchi Olimqul Safarov bilan o‘tkazilgan suhbatda u uy sharoitida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy-maishiy xizmatlardan mamnun ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy assistent tomonidan ovqat tayyorlash, kiyim-kechaklarini yuvish, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini xarid qilish, tibbiy muassasalarga borishida hamda kundalik yumushlarida doimiy amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Biroq o‘rganishlar davomida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Xususan, tumanning Qizilrabot mahallasida yolg‘iz istiqomat qiluvchi Ra’no Mamanazarovaning yashash sharoiti o‘rganilganda, uning xonadonida ta’mirlash va moslashtirish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani ma’lum bo‘ldi. Bu esa uning kundalik ehtiyojlarini qondirishda, ayniqsa, sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilishida qiyinchiliklar keltirib chiqargan. Mazkur muammo tuman “Inson” markazi tomonidan o‘z vaqtida nazoratga olinmagani sababli xizmat oluvchining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan mas’ullar ishtirokida muhokama o‘tkazilib, Ra’no Mamanazarovaga zarur ijtimoiy xizmatlarni to‘liq tashkil etish, yashash sharoitini yaxshilash va aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilsa, mas’ullarga nisbatan qat’iy ta’sir choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.
Shu bilan birga, “Keskanterak”, “Beshrabot”, “Ko‘hron”, “Yangiobod”, “Qiziloy”, “Yangihayot», “Toshrabot” va “Yaltirobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilar bilan tanqidiy muhokamalar o‘tkazilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Bugungi kunda davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va qabul qilinayotgan qarorlar ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Biroq bu islohotlarning haqiqiy samarasi har bir mas’ul xodimning o‘z vazifasiga vijdonan yondashishi, xizmat sifati uchun shaxsiy mas’uliyatni his qilishi bilan belgilanadi. Beparvolik, loqaydlik va nazoratning susayishi esa aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, davlat idoralariga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishi mumkin.
Shu bois “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan har bir monitoring va o‘rganish nafaqat mavjud muammolarni aniqlash, balki ularni o‘z vaqtida bartaraf etish, aholi murojaatlariga tezkor yechim topish hamda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning hayotdagi amaliy natijasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Elbek Ikromov,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning
Navoiy viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA