“Faol hayotga qadam” dasturi ijtimoiy himoya tizimida muhim ahamiyatga ega loyiha
So‘nggi yillarda yurtimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini yaxshilash hamda jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni zamonaviy ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. “Faol hayotga qadam” dasturi esa ijtimoiy himoya tizimida yangi bosqichni boshlab berdi.
Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy etilib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Dasturning asosiy maqsadi fuqarolarning kundalik hayotini yengillashtirish, ularga zarur tibbiy, ijtimoiy, psixologik va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hamda ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashdan iboratdir. Eng muhim jihatlardan biri shundaki, xizmatlar vaucher tizimi asosida yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarga o‘z ehtiyojidan kelib chiqib xizmat turini mustaqil tanlash imkonini beradi.
“Faol hayotga qadam” dasturi doirasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun 5 ta asosiy ijtimoiy xizmat turi joriy etilgan. Bular uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, uy sharoitida qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish hamda shaxsiy yordamchi xizmatlaridir. Ushbu xizmatlar fuqarolarning kundalik ehtiyojlarini qondirish, sog‘ligini tiklash, mustaqil hayot ko‘nikmalarini rivojlantirish va ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga qaratilgan.
Dastur ijrosi doirasida hududlarda xususan Navoiy viloyatida Ijtimoiy inspeksiya tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar, dispanserizatsiya, sanatoriy-sog‘lomlashtirish xizmatlari, zarur hollarda statsionar yoki uy sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatish, imtiyozli dori vositalari bilan ta’minlash kabi sog‘lomlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, turar joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, santexnika va elektr tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish, markazlashgan isitish tizimlarini tekshirish, uylarni harakatlanish uchun moslashtirish va sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash kabi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ham muhim yo‘nalishlardan biridir. Ularni protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash, psixologik xizmatlar ko‘rsatish, huquqiy maslahat berish, hujjatlarni tiklashda yordam berish, ro‘yxatga olish, aliment va mulkiy huquqlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashish kabi xizmatlar ham amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ularning muloqot doirasini kengaytirish, madaniy va sport tadbirlariga jalb etish, ko‘ngillilar yordamida ijtimoiy faolligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur tizimda Ijtimoiy inspeksiya tomonidan xizmatlar sifati va qonuniyligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, asosiy maqsad xizmatlarni mahalla darajasida samarali tashkil etish, ularni raqamlashtirish hamda ehtiyojmand shaxslarni aniqlash tizimini yanada takomillashtirishdan iboratdir.
“Faol hayotga qadam” dasturi orqali inson qadri ustuvor bo‘lgan ijtimoiy davlat tamoyillari yanada mustahkamlanmoqda.
Elbek Ikromov,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi
Ijtimoiy inspeksiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA