Falastinda futbol musobaqalari qayta yo‘lga qo‘yiladi
Falastin futbol assosiatsiyasi prezidenti Jibril Rajub Ramallada o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatdagi sport faoliyati va futbol musobaqalari 2026-yil 4-sentyabrdan qayta boshlanishini ma’lum qildi.
Falastinda qariyb uch yillik tanaffusdan keyin rasmiy futbol musobaqalari qayta yo‘lga qo‘yiladi.
Falastin futbol assosiatsiyasi prezidenti Jibril Rajub Ramallada o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatdagi sport faoliyati va futbol musobaqalari 2026-yil 4-sentyabrdan qayta boshlanishini ma’lum qildi.
Falastinda professional futbol musobaqalari 2023-yil oktyabrda Gʻazoda urush boshlanganidan keyin to‘xtab qolgan edi. Natijada mahalliy chempionatlar qariyb uch yil davomida o‘tkazilmadi.
Tanaffusdan keyingi dastlabki yirik musobaqa "Ming shahid kubogi" nomi ostida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Falastin futbol assosiatsiyasiga ko‘ra, bu nom urush davrida halok bo‘lgan sportchilar xotirasiga bag‘ishlangan. Federatsiya 1014 nafar falastinlik sportchi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Urush Falastin sport infratuzilmasiga ham jiddiy zarar yetkazdi. Reuters iyun oyida Falastin futbol assosiatsiyasi ma’lumotlariga tayanib, Gʻazodagi 285 ga yaqin sport inshooti vayron qilingani, halok bo‘lgan sportchilar soni esa ming nafar atrofida ekanini xabar qilgan edi.
Shunday sharoitda mahalliy futbolning qayta tiklanishi Falastin sporti uchun muhim voqea bo‘ladi. 4-sentyabr kuni to‘p yana maydon markaziga qo‘yiladi va qariyb uch yillik majburiy tanaffusdan keyin Falastinda klub futboliga rasman start beriladi.