Ezgu tashabbus: maktablarga kitoblar va o‘quv anjomlari sovg‘a qilindi
Bugun mamlakatimizda ta’lim, yoshlar tarbiyasi va ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar bilan bir qatorda, korxona va tashkilotlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida turli xayrli ishlar amalga oshirilyapti.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri yangi o‘quv yili arafasida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi 68-, 80- va 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qamrab oldi.
“Jonajon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida mazkur ta’lim muassasalariga jami 100 dona badiiy, ilmiy-ommabop va ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlardan iborat kitoblar to‘plami, o‘quvchi yoshlarga esa yangi o‘quv yili uchun maktab sumkalari va o‘quv anjomlari sovg‘a qilindi. Bu kabi xayrli ishlar, avvalo, o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun zarur sharoitlarni yanada yaxshilash, ularning mutolaaga qiziqishini oshirishga qaratilgan.
Kitoblarning maktablarga yetkazib berilishi o‘quvchilarni mutolaaga kengroq jalb etish, ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati yetakchi mutaxassisi Hulkar Jo‘rayeva ham bu boradagi ishlarning ahamiyatini qayd etdi.
– Yosh avlodga kitob sovg‘a qilish, avvalo, ularning bilim olishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirishdir. Maktab kutubxonalaridagi adabiyotlar fondi qanchalik boy bo‘lsa, o‘quvchilarning turli mavzularga qiziqishi, mustaqil izlanishi va fikrlash doirasi ham shunchalik kengayadi. Shu ma’noda, “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi tomonidan ilgari surilgan ushbu aksiya nafaqat maktab kutubxonalarini yangi adabiyotlar bilan to‘ldirish, balki yoshlar qalbida kitobga mehr uyg‘otishga turtki berayotgani bilan ahamiyatli. Zero, kitob inson tafakkuri va ma’naviy dunyosini yuksaltirishning muhim vositalaridan biridir. Yoshlarga kitob ulashish esa ularning ilm-ma’rifatga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, qobiliyatini shakllantirish va kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi, – dedi H.Jo‘rayeva.
Darhaqiqat, yoshlarning kitobxonlikka qiziqishini kuchaytirish va ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi bunday ezgu ishlar muhim ahamiyatga ega. “O‘zbekgidroenergo” AJning mazkur sa’y-harakatlari yoshlar ta’limi va tarbiyasiga e’tiborni yanada kuchaytirish, kitobxonlik muhitini shakllantirish hamda ularning har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur sharoitlarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA