Erkin kurashchilarimiz Osiyo chempionatini 6 ta medal bilan yakunladi
Vetnamning Da Nang shahrida o‘tayotgan U17 Osiyo chempionatida erkin kurash bo‘yicha bahslar yakunlandi. Musobaqaning so‘nggi kunida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 2 tadan oltin, kumush va bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, terma jamoamiz safida Farrux Mahmudov (48 kg) va Bekzodbek Ibrohimov (60 kg) o‘z vazn toifalarida tengsiz ekanini namoyon etib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Muhammad Rahimjonov (45 kg) hamda Amirbek Fazliddinov (92 kg) finalgacha yetib borib, kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Shohiddin Aliyev (65 kg) va Behruz Ashirov (110 kg) bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, chempionatning yunon-rum kurashi bahslarida terma jamoamiz 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza, ayollar kurashida esa vakillarimiz 1 dona kumush va 3 ta bronza medalga ega chiqqan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA