Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar (U 20) o‘rtasida yakuniga yetgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta medalga ega chiqdi.
Qit’a birinchiligining ilk kunida shohsupaga ko‘tarila olmagan erkin kurashchilarimiz ikkinchi kun dasturidan o‘rin olgan bellashuvlarda 1 tadan oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Sherzod Poyonov -92 kilogrammda eronlik Tuhid Amirali Nuriyni finalda 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bor Osiyo chempioni nomiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Umarxon Muydinov (-74 kg) kumush, Abdulloh Habibullayev (-61 kg) bronza medallariga musharraf bo‘ldi.

Aytish lozim, Poyonov o‘tgan yili Tailandda kechgan Osiyo chempionatida ham g‘oliblik shohsupasidan joy olgan edi.
Osiyo chempionatida O‘zbekiston erkin kurashchilari 6-o‘rinni band etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA