“Epidemiya nazoratdan chiqqan”: KDRda “ebola” virusining tez tarqalishi xavotir uyg‘otmoqda
Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) “ebola”ning yangi shtammi, xalqaro yordam paketlarining qisqarishi hamda jismoniy muloqot bilan bog‘liq madaniy urf-odatlar epidemiyani jilovlashni qiyinlashtirmoqda.
– “Ebola” epidemiyasining mamlakat bo‘ylab bunday tez sur’atlarda tarqalayotgani juda xavotirli, -deydi “Mercy Corps” tashkilotining KDR bo‘yicha direktori Rouz Chvenko. – Ochig‘ini aytganda, virusning yanada keng hududlarga tarqalish xavfi real holatda va zudlik bilan mintaqaviy hamda xalqaro yordam zarur.

“Alima” gumanitar tashkilotining Buniya shahridagi kordinatori Hama Amado ham virus tobora kuchayib, ko‘plab nuqtalarga tarqalayotganini ta’kidladi.
– Hamma safarbar bo‘lishi kerak, -dedi u “Associated Press” axborot agentligiga bergan intervyusida. – Vaziyat nazorat ostida, deb aytishga hali juda erta.
Tibbiyot ekspertlari fikricha, tana suyuqliklari (ter, aksirish) yoki zararlangan buyumlar orqali yuqadigan ushbu virusning o‘lim darajasi taxminan 25 foizdan 90 foizgacha bo‘lib, u qon tomirlariga jiddiy zarar yetkazadi va ba’zan kuchli ichki hamda tashqi qon ketishlariga sabab bo‘ladi.
Joriy yil 24-aprel kuni o‘lkaning shimoli-g‘arbidagi Ituri viloyati markazi Buniya shahrida ushbu virus natijasida birinchi qurbon vafot etganidan buyon qariyb 750 ta gumonli holat va 177 ta ehtimoliy o‘lim qayd etildi.

Mamlakatda tibbiyot muassasalari qisqa vaqt ichida ortiqcha yuklamaga duch kelgan. “Chegara bilmas shifokorlar” (MSF) tashkilotining favqulodda dasturlar bo‘yicha menejeri Trish Nyuportning aytishicha, ularning jamoasi dam olish kunlari Buniyadagi “Salama” shifoxonasida mazkur virusni yuqtirgan bemorlarni aniqlagan, ammo hududda izolyatsiya bo‘limi uchun bo‘sh joy topilmagan.
– Qo‘ng‘iroq qilingan har bir tibbiyot muassasasi “Bizda bemorlar ko‘p, bo‘sh joyning o‘zi yo‘q”, deb javob berdi, -dedi u. – Bu hozirgi vaziyat naqadar og‘ir ekanini ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, yordam ishlarini bir qator omillar qiyinlashtirmoqda. Jumladan, virusning ushbu shtammi uchun tasdiqlangan davo yoki vaksina mavjud emasligi, epidemiya kuzatilayotgan hududlarning chekka yoki qurolli to‘qnashuv markazlarida joylashganligi, shuningdek, mahalliy dafn marosimlari sanitariya talablariga zid kelishi katta to‘siq bo‘lmoqda.

Bu holatlar xalqaro yordam paketlarining keskin qisqarishi fonida yuz bermoqda. Bunga ayniqsa, AQSH prezidenti ma’muriyati tomonidan tashqi yordam xarajatlarining qisqartirilishi katta ta’sir ko‘rsatgan.
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (ICRC)ning joriy yil boshida e’lon qilingan tadqiqotiga ko‘ra, virus holatlari qayd etilgan Shimoliy va Janubiy Kivu viloyatlarida o‘rganilgan tibbiyot muassasalarining yarmidan ko‘pi qurolli mojarolar tufayli zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan. Shuningdek, 2025-yil yanvaridan beri xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar sabab tibbiyot xodimlarining qariyb yarmi ish joyini tark etgan.
Bu hafta sodir bo‘lgan ikki voqea vaziyatni yanada og‘irlashtiruvchi omillarni yaqqol namoyon qildi.
Seshanba kuni “Ittifoqdosh demokratik kuchlar” (ADF) nomli qurolli guruh Ituri viloyatidagi Mambasa shahri yaqinidagi bir nechta qishloqqa hujum qilib, kamida 17 kishini o‘ldirgan.

– Biz ikki frontda urushyapmiz: biri dushmanga, ikkinchisi esa kasallikka qarshi, -dedi “ADF” hujumi tufayli akasidan ayrilgan Zavodi Janna.
Eng achinarlisi, payshanba kuni Buniya yaqinidagi Rvampara hududida mahalliy aholi “ebola” qurbonining jasadini mustaqil ravishda dafn qilishga ruxsat berilmaganidan so‘ng davolash markaziga o‘t qo‘ydi.
“Ebola” qurbonlarini dafn qilish jarayoni virus tarqalishining oldini olish maqsadida maxsus xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi. Biroq ayrim oilalar jasadni yuvish kabi an’anaviy marosimlarni afzal ko‘radi. Avvalgi epidemiyalar shu kabi urf-odatlar virus tarqalishining asosiy omillaridan biri ekanini ko‘rsatgan.
Rvamparadagi voqea KDR hukumati uchun xavfsiz dafn qoidalarini joriy etish qanchalik mushkul ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Hodisa joyida bo‘lgan mahalliy qabila boshlig‘i Batakura Zamundu Mugeni aytishicha, hukumat sog‘liqni saqlash xodimlari bilan hamkorlikda qochib ketgan bemorlar va ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni izlamoqda. U tartibsizliklarni kasallik xavfini anglamagan yoshlar bilan izohladi.
Juma kuni hudud ma’muriyati janoza yig‘inlarini taqiqladi va dafn ishlarini faqat maxsus tayyorlangan guruhlar amalga oshirishini ma’lum qildi. Shuningdek, jasadlarni tibbiy bo‘lmagan transport vositalarida tashish taqiqlandi va ommaviy yig‘ilishlar 50 nafar kishi bilan cheklandi.
Jismoniy muloqotdan saqlanish bo‘yicha chaqiriqlar ham mahalliy madaniy an’analar tufayli qiyin kechmoqda.
– Bizda qo‘l berib salomlashish kundalik hayotning bir qismi, -deydi Buniyalik Jekson Lubula. – Bu kasallik sharoitida har qanday kichik xato qimmatga tushishi mumkin. Shuning uchun har bir salomlashuvdan keyin qo‘limni sovun bilan yuvishga qaror qildim.

Epidemiya kuzatilayotgan hududlardan kelayotgan xabarlar virus uzoq vaqt sezilmay tarqalgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
“ActionAid” tashkiloti tomonidan Buniya, Nizi va Nyankunde hududlarida o‘tkazilgan tezkor tahlil natijalariga ko‘ra, maktablarning qariyb uchdan biri kamida bitta gumonli “ebola” holati yoki bemor bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxsni qayd etgan. Rvampara aholisining aytishicha, kasallik to‘satdan boshlangan va dastlab bezgak kabi oddiy xastalik deb o‘ylangan.
– U yuragi og‘riyotganini aytdi. Keyin qattiq og‘riqdan yig‘lay boshladi. Shundan so‘ng unda qon ketish va kuchli qayt qilish kuzatildi, -dedi virus tufayli o‘g‘lini yo‘qotgan mahalliy aholi vakili Botvine Svanze.

Qizil Xoch qo‘mitasining shifokori, avvalgi ikki “ebola” epidemiyasida ishlagan doktor Nuriya Karrera Grano KDRdagi vaziyatni insonparvarlik, siyosiy va xavfsizlik inqirozlarining birlashgan ko‘rinishi, deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish bo‘yicha avvalgi epidemiyalar tajribasidan foydalanish zarur.
– Vaqtni boy berishga haqqimiz yo‘q, -dedi u.
Epidemiyani nazorat qilish maqsadida KDR hukumati “ebola”ga qarshi kurash tajribasiga ega shifokorlar bilan hamkorlik qilmoqda.
“Alima” tashkilotining reanimatsiya shifokori Richard Kojanning aytishicha, bu epidemiya avvalgilariga juda o‘xshaydi: kasallik kech aniqlangan, resurslar yetarli emas va dastlab vaksina bo‘lmagan.

– Epidemiya nazoratdan chiqqan, -dedi u hafta boshida Kinshasadan Ituriga jo‘nab ketishidan oldin.
“Bundiibugyo” shtammi uchun vaksina va tasdiqlangan davo mavjud emasligi sababli, shifokorlar bemorlarga intensiv terapiya sifatini oshirish, shuningdek, gumonli holatlar bo‘yicha kuzatuv va aloqalarni aniqlash ishlarini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
– Agar bemorlar erta bosqichda davolash markaziga yotqizilsa, organizmdagi virus yuklamasi past bo‘ladi va sifatli davolash orqali ularning omon qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi, -dedi Kojan.

“Alima” jamoasi shuningdek “Cube” deb nomlangan ko‘chma davolash modulini joriy qilmoqda. U shaffof plastik konstruksiyadan iborat bo‘lib, bemorlar, ularning yaqinlari va tibbiyot xodimlari o‘rtasida himoya kiyimisiz ham muloqot qilish imkonini beradi. Kojan bu g‘oyani 2014–2016-yillardagi “ebola” epidemiyasi tajribasidan kelib chiqib ishlab chiqqan.
Virus tarqalishi ortidan Buniya aholisi orasida xavotir kuchaymoqda. Ko‘pchilik yaqinlari yoki tanishlari kasallikka chalinganini eshitgan.
– “Ebola” degan nomning o‘zi meni qo‘rqitadi, -deydi Rvamparadagi shifoxonada yotgan jiyani haqida gapirgan Janna.
Shunga qaramay, u umidini yo‘qotmagan.
– Kelajakni faqat xudo biladi, -dedi u. – Men kasallik tarqaladi, ammo juda dahshatli darajaga yetmaydi, deb ishonaman. Hozircha yaxshilikka umid qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q.
O‘tkir Alimov, O‘zA