Eng yaqin do‘st
Bundan 2-3 ming yil oldingi voqealarni qayerdan bilamiz? Albatta kitobdan. Ilk marta o‘qishni qayerdan o‘rganganmiz? Shubhasiz “Alifbo”dan. Eng yaxshi she’r, hikoya, qissa, romanlarni qaysi manbadan o‘qiganmiz? Bir ovozdan aytamiz: kitobdan. Bolalikda sevib mutolaa qilganlarimiz ertak, dostonlarni qayerdan izlab topganmiz? Yana aytamiz: kitobdan. Institut, universitetlarda o‘qiganimizda egallayotgan kasbimiz borasidagi bilimlarni faqat leksiyalar orqali olganmizmi? Albatta yo‘q. Ustozlar tavsiya qilgan adabiyotlardan, ya’ni kitoblardan olganmiz. Nomzodlik, doktorlik ishlarini qanday yoqlaganmiz? Yuzlab kitoblarni o‘qish va uqish tufayli bu nufuzli unvonlarga erishganmiz. Hayotda o‘z o‘rnimizni topishda, har xil nuqson, kamchiliklardan xoli bo‘lib ulg‘ayishimizda, aytgan so‘zlarimizning ma’noli, ta’sirchan, yoqimli bo‘lishida ham kitobning o‘rnini hech kim inkor qilolmasa kerak.
Ko‘pincha biror savolga javob topishni istasak ham kitoblarga murojaat etamiz. Xullas, bizning butun umrimiz kitoblar bilan bog‘liq holda o‘tadi. Ulardan ayri tushishimiz esa hayotimizga faqat yomon ta’sir qiladi. Shunday ekan, nega biz kitoblarga do‘st tutinmas ekanmiz? Axir biz baxtli yashab, inson sifatida kamolga yetishishimizda, qolaversa, yurtimizning gullab-yashnashi, taraqqiy etishida ham kitoblarning o‘ziga xos o‘rni, juda katta ahamiyati bor. Agar bu dunyoda yashab o‘tgan ulug‘ bobolarimizning hayotiga nazar soladigan bo‘lsak ham, ularning naqadar mashhur va buyuk bo‘lishlarida kitoblar juda katta rol o‘ynaganini anglaymiz.
Masalan yigirma yoshiga yetar-yetmas “qo‘li gul” tabib sifatida nom qozongan Abu Ali Ibn Sino Buxora amirini davolaydi. Amirning “tila tilagingni” degan so‘ziga javoban saroy kutubxonasidagi kitoblarni o‘qish uchun ruxsat so‘raydi. Amir ruxsat bergach, u kutubxonadagi qariyb barcha kitoblarni o‘qib chiqqani tarixiy manbalarda aytib o‘tilgan. Ibn Sinoning keyinchalik ulug‘ alloma va benazir tabib bo‘lib yetishishida mazkur kitoblar katta yordam bergani shubhasiz. Afsuski, biz ulug‘ bobomizning u yerda qanday kitoblarni mutolaa qilganini hech qachon bilolmaymiz. Chunki o‘sha paytdagi bosqinchilik urushida yuz bergan yong‘in oqibatida kutubxonadagi barcha kitoblar yonib, kulga aylangan.
Bugungi kunda yurtdoshlarimizning barchasi kitob o‘qiydimi, u bilan yaqin do‘st, oshnami? Afsuski, bu savollarga baralla, bir ovozdan “ha!” deb javob berolmaymiz. Nima uchun shunday? Nega bizda kitob o‘qishga barcha sharoitlar bo‘laturib, ko‘pchilik bu ezgu mashg‘ulotdan o‘zini yiroq tutadi. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor.
Avvalo bunga ko‘pchilik vaqt yetishmasligini ro‘kach qilishadi. Ishdan charchab kelgach, kitob o‘qish og‘irlik qilishi va yoqmasligini aytishadi. Lekin xalqimizda: “Qalovini topsang, qor ham yonadi” degan naql bor. Demak, barchasi o‘zimizga bog‘liq. Bahona qilish bilan faqat o‘zimizga ziyon qilganimiz qoladi. Axir zamondan, taraqqiyotdan ortda qolmasligimiz uchun ham kitob o‘qishimiz lozim.
Xorijlik yozuvchilardan biri o‘z tarjimai holini yozish davomida o‘smirlik paytida boshidan kechirgan bir voqeani esga oladi. U bir keksa ayolnikida xizmat qilgan. Kundalik ishlari tugab, kechasi sham yorug‘ida sevimli mashg‘uloti – kitob o‘qimoqqa tutingan. Chunki o‘sha paytlari elektr toki bo‘lmaganidan odamlar sham yoqishgan. Ammo uy bekasi o‘ta ziqnaligidan shu shamdan ham foydalanishga ruxsat bermagan. Ilojsiz qolgan o‘smir tomga chiqib, kitobni oyning yorug‘ida o‘qishga majbur bo‘lgan. Hozir-chi, kitob o‘qishga, ayniqsa yoshlar uchun hamma sharoitlar bor. O‘quv muassasalarining barchasida kutubxonalar faoliyat ko‘rsatadi. Birgina poytaxtimizda o‘nlab kutubxonalar tekin. Yana qanchalab kitob do‘konlari mavjud. Faqat kitob o‘qishga ozgina shijoat, istak va xohish bo‘lsa bas. Hozir davlatimiz tomonidan qishloq maktablarining kutubxonalarida ham yetarli kitoblar bo‘lishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, davlat organlari, tashkilot va muassasalar, qolaversa saxovatli insonlar tomonidan ham mazkur kutubxonalarga turli mavzudagi, shuningdek badiiy kitoblar sovg‘a qilinmoqda. Masalan, birgina O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bir necha yillardan buyon qishloq maktablariga kitoblar taqdim etib keladi.
Hozir odamlarning, ayniqsa yoshlarning kitob o‘qimasligiga qo‘l telefonlari ham asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu gapda jon bor. Mazkur telefonlardagi har xil tomosha, o‘yinlar ko‘p vaqtni oladi. Bu narsa yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham haqiqat. Ammo ulardan to‘g‘ri, o‘z o‘rnida foydalanilsa, ushbu qurilmalarning foydali tomonlari ham juda ko‘p. Masalan, ularda ko‘plab badiiy ijod namunalari bo‘lib, xohlagancha o‘qish mumkin. Lekin baribir kitob beqiyos, noyob ne’mat bo‘lib, kishiga olam-olam zavqu shavq bag‘ishlaydi.
Ha, kitobning o‘ziga xos fayzi, tarovati bor. Buni ko‘p o‘qigan odam juda yaxshi biladi. Esimda, 1966 yilgacha bizning qishlog‘imizda elektr toki yo‘q edi. Uyni yoritishda lampa chiroqdan foydalanardik. Kechki ovqatdan so‘ng, xontaxta atrofida o‘tirib, kitob mutolaasidan bahramand bo‘lardik. Akam bizlarga har xil xalq dostonlari va ertaklarini, o‘zbek shoir va yozuvchilarining qiziqarli, bolalarbop she’r, hikoya, qissalarini o‘qib berardi. Bizlar esa katta e’tibor, hayrat bilan tinglardik. Haligacha u damlarni katta orziqish va hayajon bilan yodga olaman.
Hozir yurtimizda kitob o‘qishga davlat miqyosida katta e’tibor berilmoqda. Buni chiqarilayotgan qarorlar, o‘tkazilayotgan turli xil ko‘rik-tanlov va festivallar misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Bu bejizga emas, albatta. Boya aytib o‘tganimizdek, kitob nafaqat bizning shaxsiy hayotimizda, balki xalq va Vatan taqdirida ham katta rol o‘ynaydi, o‘rin tutadi. So‘zimning yakunida kitob o‘qimaslikning oqibati haqidagi bir she’rimni e’tiboringizga havola etmoqchiman.
KITOB O‘QIMAGAN ODAM
Uzoqni ko‘rolmas ko‘zi bo‘lsa ham,
Hikmat aytmas tili, so‘zi bo‘lsa ham,
O‘rnini topolmas o‘zi bo‘lsa ham –
Kitob o‘qimagan odam.
Ayyorga aldanib, chuv tushar har vaqt,
Savollar oldida mulzam va karaxt,
Go‘yo mevasi yo‘q, ildizsiz daraxt –
Kitob o‘qimagan odam.
Aytgan gaplarining vazni bo‘lmaydi,
Bosgan qadamining izi bo‘lmaydi,
Elning iftixori yuzi bo‘lmaydi –
Kitob o‘qimagan odam.
Navoiy, Boburni yaxshi bilmaydi,
Joyidan bir qadam olg‘a jilmaydi,
Dunyoda arzirli ish ham qilmaydi –
Kitob o‘qimagan odam.
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir