Yosh iqtidorlar rag‘batlantirildi
Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasida “Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali” haftaligi yakuniga bag‘ishlangan tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari, Andijon davlat universiteti, Andijon pedagogika instituti talabalari, Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati hamda viloyatdagi bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari o‘zlarining turli mavzulardagi tasviriy hamda amaliy san’at asarlari bilan ishtirok etdi.
Mamlakatimizda ijodkor yoshlarining iqtidor va iste’dodlarini yuksaltirish, ularning ijodiy salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlariga keng imkoniyat yaratib berayotgan xalqaro festival doirasidagi mazkur ko‘rgazmada ayniqsa, yosh musavvirlar faol ishtirok etdi.
[gallery-28974]
– Ko‘rgazmada amaliy san’at namunalari o‘zim tayyorlagan milliy liboslar hamda tabiat manzaralari, milliy naqshlar aks etgan ijodiy ishlarim bilan ishtirok etyapman, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti Tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Madinabonu Hakimova. – Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar ijodiy ishlarimni katta qiziqish bilan tomosha qilayotganliklari meni behad quvontirdi.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan tasviriy, shu bilan birga, miniatyura, kulolchilik, haykaltaroshlik, xattotlik singari amaliy san’at yo‘nalishlaridagi aksariyat ijodiy ishlar mehmonlarning e’tiborini qozondi. Намойиш etilgan ijodiy ishlar mavzusining rang-barangligi bilan muxlislar va mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Ko‘rgazmada Andijon davlat universiteti, Andijon davlat pedagogika instituti talabalari, ayniqsa, Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilari Zebo Odilova (miniatyura), Mihammaddiyor Imoqo‘ziyev, Ruxshona Abduvosiyeva, Mavluda Abdullajonova (kulolchilik), Zilola Kozimova (grafika), Mirjalol Qosimov (ganchkorlik), Og‘abek Shodmonov(rang-tasvir)ning ijodiy ishlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali” ko‘rgazmalarida faol ishtirok etgan hamda tanlovda g‘olib, sovrindor deb topilgan ijodkorlar O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining oltin, kumush va bronza medallari, diplomlari, shuningdek, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.