Eng kuchli raqiblarni ham ortda qoldirishdi
Guliston shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari CAU Tech Summit 2026 doirasida o‘tkazilgan “Line Follower” musobaqasida 1-o‘rinni egallab, xalqaro maydonda munosib natija qayd etdi. Muhammadaziz Tugalov, Risqiboy Usmonov va Komiljon Xolmurodovdan iborat jamoa robototexnika bo‘yicha eng kuchli ishtirokchilarni ortda qoldirdi.
Mazkur nufuzli tadbir Central Asian University tashabbusi bilan Toshkent shahrida tashkil etilib, unda 1200 nafar ishtirokchi va 17 ta davlat vakillari qatnashdi. Sammit doirasida sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, innovatsiya va robototexnika kabi ustuvor yo‘nalishlarda bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

– “Robotics Challenge” yo‘nalishi tadbirning eng qiziqarli qismlaridan biri bo‘lib, ishtirokchilar qatori, bizning o‘quvchilarimiz ham o‘z robotlarini dasturlash, algoritmlar yaratish va murakkab trassalarda harakatlantirish bo‘yicha sinovdan o‘tdilar Ayniqsa, “Line Follower” musobaqasi tezlik va aniqlikni talab qilgani bilan ajralib turdi. Muhimi, bu boradagi natijalarga erishishda maktabimizning Robototexnika to‘garagi rahbari Aziz Yunusov va Orifjon Sobitovning xizmati katta, – deydi Guliston shahridagi Prezident maktabining maxsus fanlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rustam Azamatov.
Mutaxassislar fikricha, mazkur natija O‘zbekistonda STEM ta’limi va robototexnika yo‘nalishlari jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, hududlardagi ta’lim muassasalarida ham zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ta’lim tizimi shakllanayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri