Shanxaydagi yirik texnopark bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu borada Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari Xalqaro ma’lumotlar hamkorligi yo‘nalishi bosh strategiya direktori Frank Pan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Shanxay shahridagi Lingan maxsus hududida vakolatxona ochish orqali Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda mahalliy universitetlarda startap-xablar tashkil etish, raqamlashtirish sohasida ilg‘or tajribani joriy etish orqali mamlakatimizda raqamli xizmatlar va “aqlli shahar” tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur texnopark so‘nggi olti yilda 100 milliard AQSH dollaridan ziyod investitsiyalarni jalb qilgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 120 kvadrat kilometrdan ortiqni tashkil etadi.

Uchrashuvda, shuningdek, Linkwise kompaniyasi asoschisi va raisi Tomas Vang tomonidan Taxiatoshda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ma’lumotlarni qayta ishlash markazi loyihasining birinchi bosqichi doirasida qiymati 70 million AQSH dollariga teng bo‘lgan hisoblash uskunalari O‘zbekistonga jo‘natilgani ma’lum qilindi.

Mazkur hamkorlik innovatsiyalar, texnologiyalar almashinuvi va investitsiyalar ko‘lamini kengaytirish orqali ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA