Eng faol kitobxon o‘quvchi
Navoiy viloyati Bolalar kutubxonasida “Eng faol kitobxon o‘quvchi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bilim va tafakkurini boyitish, shuningdek, iqtidorli va faol kitobxon yoshlarni aniqlash hamda rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi. Unda tuman va shaharlardan saralab olingan eng faol kitobxon o‘quvchilar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tanlov davomida o‘z bilimlari, kitobxonlik madaniyati, fikrlash doirasi hamda mutolaaga bo‘lgan qiziqishlarini namoyon etdi. Shuningdek, ular o‘zlari mutolaa qilgan asarlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, kitoblarning mazmun-mohiyati haqida qiziqarli taqdimotlar o‘tkazdi.

Har bir ishtirokchining chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Konimex tumani 31-maktab o‘quvchisi Zarina Rahmonova, 2-o‘rinni Karmana tumani 28-maktab o‘quvchisi Nigina Hamroyeva va 3-o‘rinni Qiziltepa tumani 27-maktab o‘quvchisi Marjona Yo‘ldosheva egalladi.
– Bu tanlovda ishtirok etish men uchun juda katta tajriba bo‘ldi, – deydi Zarina Rahmonova. – Tanlov jarayoni juda qiziqarli va mazmunli o‘tdi. Turli tuman va shaharlardan kelgan kitobsevar o‘quvchilar bilan tanishdim, ularning fikrlari va taqdimotlarini tinglash menga katta taassurot qoldirdi. Bolaligimdan kitob o‘qishga qiziqaman. Maktab kutubxonasiga tez-tez borib, turli badiiy asarlar va ilmiy-ommabop kitoblarni mutolaa qilishni yaxshi ko‘raman. Kitob o‘qish insonning fikrlash doirasini kengaytiradi, dunyoqarashini boyitadi. Tanlovga tayyorgarlik davomida ko‘plab kitoblar o‘qidim. Shuningdek, nutqimni ravon va tushunarli qilishga, taqdimotimni yanada qiziqarli tarzda tayyorlashga harakat qildim. Ustozlarimning maslahatlari va qo‘llab-quvvatlashi menga katta yordam berdi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, tanlov doirasida bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar ham e’lon qilinib, faol ishtirokchilar “Eng zukko kitobxon” va “Eng yaxshi taqdimot” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA