“Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” tanlovi o‘tkazildi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishdan iborat.
Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator Komila Karamova hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi raisi Nurali Mahmatov ochib berdi.

So‘zga chiqqanlar kitob mutolaasi yosh avlodning ma’naviy kamoloti, intellektual salohiyati va mustaqil fikrlashini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, bunday tanlovlar o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Tanlovda viloyatning turli hududlaridan kelgan bilimdon o‘quvchilar ishtirok etib, mutolaa qilgan badiiy va ilmiy-ommabop asarlar yuzasidan bilimlari, tahlil qilish qobiliyati va nutq madaniyatini namoyon etdi. Ishtirokchilar belgilangan mezonlar asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Muborak tumanidan Fazilat Baratova 1-o‘rinni, Ko‘kdala tumanidan Vasila Muhammadiyeva 2-o‘rinni, Kasbi tumanidan Dilnura Abdumajidova esa 3-o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, kitobga mehr uyg‘otish, ularning ma’naviy-axloqiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan muhim ma’rifiy loyihalardan biri bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri