Eng faol faxriy xodimlar bellashdi
Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarining faxriy xodimlari o‘rtasida “Yilning eng faol faxriy xodimi” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasining sohaviy xizmatlari va tuman, shahar ichki ishlar bo‘limlarining eng faol faxriy xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlab, ularni sog‘lomlashtirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazib, ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Mazkur tanlov ham faxriylarni qo‘llab-quvvatlashda ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir.

Ko‘rik-tanlovda faxriy xodimlar uchta shart asosida o‘zaro bellashib, o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Dastlab sportning shaxmat-shashka turi bo‘yicha musobaqalashib, xotirasini mustahkamlagan, strategiya tuzish va mantiqiy fikrlash qobiliyatini namoyish etdi. Yurtimiz va jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalardan qay darajada xabardorligini sinovdan o‘tkazadigan tezkor savollarga javob berdi. Uchinchi shartda ishtirokchi faxriy xodimlarning ish faoliyatini aks ettiruvchi fotoalbom va amalga oshirgan ishlari ma’lumotnomasi o‘rganildi.

Ko‘rik-tanlov yakunida iste’fodagi podpolkovnik Zokirjon Xudoymurodov faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rinni iste’fodagi katta serjant Erkin Saitov egalladi. Uchinchi o‘rin iste’fodagi mayor Kamol O‘zbekovga nasib etdi.

G‘olib va va sovrindorlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri