Eng buyuk o‘qituvchi bu – hayot
Odatda jamiyatning muhim qismini tashkil etuvchi taniqli odamlar haqida "yerning tuzi" deyishadi. Ular o‘z mehnati, iste’dodi, axloqiy fazilatlari bilan hayotga ma’no baxsh etadigan, madaniy va ma’naviy qadriyatlarni saqlaydigan kishilardir. Ular o‘z ishi va hayotida irodasi va halollikka intilishi bilan boshqalarni ilhomlantiradi. Bunday odamlar shunchaki mehnatkash emas, balki kelajak avlodlar uchun poydevor yaratuvchilardir. Ular ko‘pincha uzlariga ortiqcha e’tiborni jalb qilmaydi. Bu toifa odamlar jamiyatni ma’naviy tanazzuldan saqlaydi va jamiyat hayotiga mazmun bag‘ishlaydi. Yozuvchi Nurali Qobulni ana shunday, o‘z xalqining taqdiri haqida chuqur qayg‘uradigan toifadagi odamlarning vakili deb bemalol aytish mumkin. Uning asarlari nafaqat respublikamizda, balki turkiy dunyo kitobxonlari orasida ham keng tanilgan. Yozuvchi Nurali Qobul bu yil 75 yoshni qarshilaydi.

– Nurali aka, har bir davr o‘z qahramonlarini yaratadi. Masalan, sizning yoshlik yillaringizda yozuvchilar, shoirlar, aktyorlar “yulduz” bo‘lgan. 90-yillarda san’atkorlar juda taniqli edi. Bugun bu o‘rinni blogerlar egallamoqda. Bir paytlar yozuvchi yoki shoir bo‘lish juda urf bo‘lgan. Hatto iste’dodsizlar ham biror narsa yozish va buning evaziga qalam haqi olish istagida bir narsalar yozishga harakat qilishgan. Hozir ular haqida hech kim bilmaydi, ayniqsa, ularning asarlari haqida. Muallif uchun yozishda eng muhim narsa nima?
– Adabiyot shunday bir qudratli kuch va e’tiqodki, undagi erku ozodlik, o‘z fikrini ochiq oydin va to‘laqonli ifoda etish borasida hech bir g‘oya, din yoki turli-tuman fikriy oqimlar u bilan tenglasha olmaydi. Dunyodagi barcha e’tiqod va g‘oyalar odamlarni yillar mobaynida yaratgan o‘z qoliplariga solib, yunaltirmoq, boshqarmoq, manfaatlariga xizmat qildirmoqni istaydi. Adabiyot esa bunday tazyiq va bosimlardan xoli, inson erkinligi va hayot haqiqatlarini ozod ruh bilan ifoda etishda inson shaxsini hech qachon cheklamaydi.
Siz nazarda tutgan xayoliy g‘oyalar va notabiiy tuzum va tizimga xizmat qilgan san’atdan uzoq bitiklar davr va zamonning bo‘ronu dovullariga bugun hamda kelajakning talabu ehtiyojlariga javob bera olmay, o‘z-o‘zidan kitob rastalaridan tushib, kitobxonning xotirasidan o‘chib ketadi. G‘ayritabiiy, zo‘rma-zo‘raki targ‘ibot va tashviqot oqibatida yaratilgan mavsumiy bitiklarning qismati ham shunday tugaydi. O‘tgan davrdagi soxta adabiyot va san’at asarlarini qo‘ya turing, yaqin kechmishimizda ham buyurtma bilan yaratilgan bir qator bitiklar ham bugun egasidan burun o‘tib ketmoqda.
Hazrat Alisher Navoiyda “inkor etib bo‘lmas haqiqatni so‘ylovchilar” degan fikr bor. Haqiqiy yozuvchi ana shunday bo‘lishi kerak. U barcha hech bir e’tirozsiz qabul etadigan oliy adolatlar haqida yozishi va o‘quvchini ishontira bilishi kerak. Navoiy hazratlarida avliyolar fano bosqichiga yetganda o‘zlarini unutadilar va ulardan chiqqan har bir fikr tangri irodasini ifoda etadi degan bashoratomuz tushuncha ham bor.
– Yozayotganingizda rejadan foydalanasizmi yoki syujetning tabiiy ravishda rivojlanishiga yo‘l qo‘yib berib, o‘zingizni qat’iy vaqt chegaralari va talablari bilan cheklamay, erkin tarzda yozasizmi? Axir ba’zida fikr sayr yoki suhbat paytida keladi va bu normal holat hisoblanadi.
– She’riyat – bu kayfiyat va vaziyatning mahsuli. Katta nasr teran bilim, katta tajriba va tartibli ishlashni talab etadi. Men ana shunday reja asosida va astoydil ishlamasam yigirma besh jilddan iborat “Temuriylar” epopeyasini va o‘n olti jilddan iborat roman-pamfletlarni yarata olmas edim. Qissa va hikoyalarni hisobga olmaganda “Unitilgan sohillar” romanini qo‘shganda bu qirq ikkita roman demakdir. Romanlar haqidagi fikrlarga feysbuk orqali ko‘zingiz tushgandir. Siz katta asar yozayotganingizda kechayu-kunduz, hatto uyquda, tushingizda ham ishlaysiz, fikrlaysiz va yozasiz. Aytganingizdek, sayr paytida eng go‘zal fikrlar tug‘iladi.
– Sizdan oldin bu darajaga 137 ta asarni “Insoniyat komediyasi” nomi ostida birlashtirgan buyuk fransuz adibi Onore de Balzak erishgan edi. Ijod qilishingiz uchun ilhom olishingiz mumkin bo‘lgan ma’lum bir joylar bormi?
– Kishining yoshi ulg‘aygan sari u pedant va konservator bo‘lib qolar ekan. Men Do‘rmondagi yozgi bog‘imizda yozishga odatlanganman. Yozganimda derazadan bog‘u og‘ochlarga boqishni xush ko‘raman. Bu yerda gap sizning ustalik-professionallik darajangizga bog‘liq. Ijodkor ne chog‘li bilimli va tajribali bo‘lsa, u shu qadar hayot haqiqati va mohiyatini anglab yetib, bitiklarda aks ettira oladi.
– Mashhur rus yozuvchisi Nikolay Gogol yangi nashrdan chiqqan “Gans Kyuxelgarten” kitobining barcha nusxalarini sotib olib, yoqib yuborgan ekan. Garchi kitob taxallus ostida chiqqan bulsa-da, adib asarga bo‘lgan keskin tanqidlarni ko‘tarolmagan ekan.
– Tajribali adib, teran fikrlagan paytlari ilgari yozganlaridan voz kechgan holatlar bo‘lgani ma’lum. Haqiqiy professional asar pishib yetilgandan so‘ng quyma jumlalarni bitadi va so‘ngra sayqal beradi. Eng muhimi, xalq tilida, xalq anglay oladigan tilda, ohangda, nimaniyu qanday yoza bilishda.
– Keyingi yillardagi ijodingiz tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan. Qahramonlarning shaxsiyatini qanday shakllantirasiz? Ularning obrazlariga ijodiy fantaziya va tasavvurlaringizni kiritasizmi? Shuningdek, asar yaratishda kaysi yozuvchining asarlari sizga ilhom beradi? Masalan, siz kimni o‘zingizning ustozingiz deb bilasiz?
– Mashxur tarixiy shaxslar hayoti haqida yozganingizda mubolag‘a va fantaziyaga berila olmaysiz. Boisi, odamlar ular haqidagi voqea va hodisalarni biladi. Gap ularning harakatlari, hayot va faoliyatlarini badiiy tarzda ishonchli qilib tasvirlay olishda. Aslida eng buyuk o‘qituvchi bu hayot va uning o‘nqir-cho‘nqir yo‘lu yo‘laklari. Bejizga “Agarki sen xayotdan olmasang ta’lim, senga o‘rgatolmas hech bir muallim” deyishmagan. Albatta, biz Chexov, Tolstoy, Qodiriy va Aytmatov maktablaridan o‘tganmiz.
– Odatda asarlaringizni qayerda nashr qilasiz? Qaysidir asarga hammuallif bo‘lganmisiz? O‘quvchilaringizning g‘oyalari kitoblaringizda aks etgan joylari bo‘lganmi?
– Hozir asosan asarlar “Amazon” internet tarmog‘i orqali ingliz tilida dunyo kitobxonlariga yetib boradi. Bu tarmoqda “Buyuk Amir Temur” tarixiy romanim va “Sukut suiqasdi yoxud Stalindan Saddamgacha” roman-pamfletim bor. Hammualliflikda badiiy asar yozmaganman. Biroq Anvar Jo‘raboyev bilan birgalikda Gabriel Garsia Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili”, Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imonaliyevning “Qirg‘iznoma” asarini qirg‘iz shogirdim Xursanboy Matkarimov bilan birgalikda tarjima qilganmiz. Rossiyada chop etilgan “Ne opozday jit” kitobim 180 rubldan do‘kon va internet tarmoqlarida sotilmoqda.
Chingiz Aytmatov “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” qissasini chuxche yozari Vladimir Sangi g‘oyasi asosida yozgan. Adabiy faoliyatda bo‘nday holatlar uchrab turadi. Ijodkorning vazifasi xalqdan olib, uni san’at darajasiga ko‘tarib, yana qaytarib xalqqa berishdir. Haqiqiy yozuvchining yuragi va imonida nafaqat o‘z xalqi va Vatani, butun insoniyat, uning taqdiri, qadriyati, yer yuzining tinchligu saodati yashaydi. O‘zim degan o‘zaksiz ketadi degandek, o‘z qobig‘iga o‘ranib qolgan kimsa va qavmu qabilalar o‘zligini tanimay, o‘zga, katta elu-elatlar og‘ziga qarab, yotning yo‘rig‘i bilan yashamoq majburiyatida qoladilar yoki yo‘q bo‘lib ketadi.
– Maksim Gorkiy adabiyotni "insoniyatni o‘rganish adabi" deb hisoblagan bo‘lsa, Onore de Balzak butun umrini "Insoniyat komediyasi"ni yaratishga bag‘ishlagan bo‘lsa, yozuvchining asosiy maqsadi inson qalbini ilmiy jihatdan o‘rganish deb aytish mumkinmi?
– Inson hayoti, bu yorug‘ olam tirikchiligining o‘zi dahshatli va go‘zal bir tragikomediyadir. Pablo Neruda: “Ne chog‘li madh etmayin, insondek razil bir yaratiqni ko‘rmadim” deya taassuf bilan yozgan edi. Jahon adabiyotini o‘qir ekansiz, odam zotining ijobiy xislatlariga nisbatan salbiy tomoni, razilligi aks etgan asarlar ko‘proq. Boisi, yaxshi insonlarga nisbatan ko‘mochu kavush bandasi bo‘lmish jamiyat va insoniyatga xayri savobi yo‘q kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, sakkiz milliardga yaqinlashayotgan dunyo aholisining atigi ikki foizi fikrlaydigan odamlar ekan. Uch foiz kishi esa o‘zini fikrlayotgan kabi ko‘rsatar, qolgan to‘qson besh foiz nufuz uchun shunchaki yashar ekan. Yozuvchining vazifasi insonlarning ana shu yashash tarzini bor bo‘y basti bilan ko‘rsatib berib, ularni fikrlashga rag‘batlantirishdir. Bekorga A.Eynshteyn insoniyat yashab qolmog‘i uchun mutlaqo o‘zgacha fikrlashi kerak demagan.
– O‘zingiz qaysi asaringizni yoqtirasiz? Asarlaringizda to‘xtalib o‘tmoqchi bo‘lgan, ammo negadir bunga ikkilanayotgan biron bir mavzu bormi? Bugun qanday mavzu ustida ishlayapsiz va yangi asarlar haqida rejangiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?
– Odam bolasi farzandlarini yaxshi-yomonga ayira olmaganidek, asarlaringizni ham o‘zingizcha saralamaysiz. Avlodlaringiz tanangizning bir parchasi, umringiz va naslingizning davomchisi bo‘lsa, bitgan bitiklaringiz aqli idrokingiz salohiyatu qobiliyatingizning in’ikosidir. Biroq tabiiyki har bir ijodkor faoliyatida o‘zak va hal qiluvchi asarlar bo‘ladi. “Tubsiz osmon” dan boshlanib, o‘n million nusxadan ziyod nashr etilgan qissalar va hikoyalarim adabiy qasrimning poydevori bo‘lsa, o‘n olti jilddan iborat roman-pamfletlar uning yuragi, yigirma besh jilddan iborat “Temuriylar” epopeyasi boshidir.
Yozuvchi biror bir mavzuda o‘zini cheklasa, so‘zining so‘ngiga qadar, istagan ohangda ayta olmaydi. Siz bunga roman-pamfletlarni o‘qisangiz, ishonch hosil qilasiz. Buning uchun ijodkorda A.P.Chexov ko‘p ta’kidlagan “ichki ozodlik” cheksiz bo‘lishi kerak. Albatta bu o‘rinda tashqi ozodlik, ta’sir va iqlimning ham ahamiyati katta.
Roman-pamfletlarning o‘n jildi nashr etildi. Qolgan oltitasining nashri bilan mashg‘ulman. O‘n yettinchi roman-pamflet “Qiyomat qo‘ng‘irog‘i yoxud Eyzenxauerdan Erdo‘g‘onu Eynshteyndan Epshteyngacha” va “Tiriklik tongi yoxud Trampdan To‘qayevu Putindan Pol Potgacha” ustida ishlamoqdaman. Boshqa tillarga tarjima qilishayotgan tarjimonlar bilan ishlashga ham ancha vaqt ketadi.
– O‘z kitoblaringizda sevimli qahramoningiz bormi?
– Bor albatta. “Tubsiz osmon”dagi Norbo‘ta. U mening marhum ukam – Doniyor. “Temuriylar” epopeyasidagi Buyuk Amir Temur, Sulton Ulug‘bek, Hoqon Said Shohrux, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muxammad Bobur, Amir Boboturk, Amir Bobo Husayn Turkistoniy, Sulton Yildirim Boyazid... Siz asaringizda salbiy obrazning ham yaxshi tomonlarini ko‘rib, o‘ni sevmasangiz, adolatli yondashmasangiz, obrazning xarakteri to‘laqonli chiqmaydi. Bu jarayonda men xalqimizning “yaxshini yaxshi deb ko‘kka ko‘tarma, yomonni yomon deb yerga kiritib yuborma” degan maqoliga amal qilaman. Zotan me’yoridan ortig‘i murdor degan otaso‘zi ham bor. Bir kitobxon menga: “Nega Sulton Yildirim Boyazidni ijobiy tasvirlagansiz?” deya savol berganlarida “Ikki buyuk turk hoqoni Amir Temur va Sulton Boyazidlar qilgan xatoni men qilmadim” deya javob bergandim. Boisi har ikki hoqon ham o‘zlaricha haq edilar.
– Agar yozuvchi bo‘lmaganingizda, qaysi kasbni tanlagan bo‘lardingiz? Agar yana o‘tmishga qaytish imkoningiz bo‘lsa, yozuvchilik kasbingizni tanlagan bo‘larmidingiz?
– Bolaligimizda O‘smatga kelgan arxeologlar Dunyotepani ag‘dar-to‘ntar qilib kavlay boshlashdi. Qo‘rg‘ontepani qazishdi. Ular faoliyatini ko‘rib, arxeolog bo‘laman deya o‘yladim. Ungacha Oyqor tog‘idagi archalar va ayiqu kakliklarni himoya qilishni o‘ylab tog‘begi bo‘laman deb yurardim. Shu asnoda tarix fakultetiga o‘qishga kirdim, o‘qituvchilik qildim, tuman, viloyat va respublika jurnal va nashriyotlarida ishladim. Qismatu qadar yozuvchilik ekan. Yana qayta dunyoga kelishimiz, u dunyoning qanday bo‘lishiga bog‘liq. Biroq hech bir farzandimning yozuvchi bo‘lishini istamadim. Haqiqiy yozuvchining yelkasida shohu-gadodan tortib, har qanday ma’sulnikidan-da og‘ir yuk turadi. Buni har kim ham umri bo‘yi ko‘tara olmaydi. Madomiki, shu tuproq, shu el va Vatanga qon va imon bog‘i ila bog‘langan bo‘lsa, albatta ko‘tara oladi.
– Siz adabiyotning qaysi janrini o‘qishni yaxshi ko‘rasiz? Sizning sevimli muallifingiz kim va u sizning uslubingizga ta’sir ko‘rsatganmi?
— Shunday fikr bor. Buni do‘stimiz Yevgeniy Yevtushenko ko‘p takrorlar edi. Prozaik yaxshi she’riyatni, shoir yaxshi prozani o‘qib turishi kerak. Keyingi paytda tarixiy asarlar yozganim uchun manbalar va tarixiy asarlarni ko‘proq o‘qiyman. Ustozlar ma’nosida yuqoridagi savollarda o‘z fikrimni aytdim. Uslub masalasida esa haqiqiy prozaik o‘z uslubiga ega bo‘lmasa, o‘quvchini jalb eta olmaydi. Yaxshimi-yomonmi har bir yozuvchining o‘z uslubi bo‘ladi. Suhbatlashganingizda bir sherigingiz bilan zerikmay qo‘nishasiz. Boshqa biri bilan esa hangoma zerikarli kechadi. Uslub va usul ham shunday. Eng muhimi, Chexov aytganidek zerikarli bitikning adabiyot va san’atga hech qanday aloqasi yo‘q.
–"Chuqur daryolar sokin oqar" degan maqol bor. Chinakam iste’dod ko‘pincha so‘zlarning shoshilinch oqimi bilan emas, balki ixcham, sokin va yashirin mazmun bilan bog‘liq degan fikrga qo‘shilasizmi?
— Buyuk jadidimiz Abdulhamid Cho‘lponning “O‘rdalarda sevgi bo‘lmas, shahzodalar seva bilmas, sevgi asil yaylovlarda” degan ajoyib satrlari bor. Men Rossiya o‘rmonlari, cheksiz o‘tloqlari va oqqayinzorlarni ko‘rib, bu ilohiy go‘zal tabiatdan bejizga Gersen, Tolstoy, Chexov, Gogol, Pushkin, Lermontov, Dostoyevskiy, Gorkiy va Repinlar yetishib chiqmagan ekan degan fikrga kelgandim.
Sababi yer, tabiat – insoniyatning yaralishi va yaratilishida tamal toshi bo‘lib xizmat qilgan. Avvalo ana shu go‘zal ona yer va tabiat, so‘ngra insoniyat paydo bo‘lgan. Insonlar qalbidagi neki go‘zallik va nafosat bo‘lsa, ana shu onamiz va otamiz, hayotimiz manbai tabiat, yer, suv, oy va quyoshdandir. Tabiatni anglamagan kishi o‘zining ham kimligini anglamay o‘tib ketadi. Tabiatdek buyuk ilohiy san’atning mohiyatiga yetmagan san’atkor ham o‘z san’atida mukamallikka erisha olmaydi. Siz nazarda tutgan, ijod bilan bog‘liq barcha axloqiy va ma’naviy manbalar hayotimizning bosh omili – tabiatga borib taqaladi.
– Sizning asaringiz bilan tanish bo‘lmagan odamga qaysi asaringizni tavsiya qilgan bo‘lardingiz? Pushkin "Yevgeniy Onegin" romanini yozganida Tatyananing azob-uqubatlarini tasvirlab, chin dildan yig‘lagan, Kumush vafot etganida esa Abdulla Qodiriy yig‘lagan ekan. O‘zingiz yaratgan, ammo ularning taqdirida hech narsani o‘zgartira olmagan qahramoningiz bo‘lganmi?
– Maktab o‘qituvchilari qissa va hikoyalarimdan boshlanganlari ma’qul. Agar internet tarmog‘ini kuzatgan bo‘lsangiz kitobxonlar bot-bot “Temuriylar” epopeyasini maktablarda, roman-pamfletlarni oliy o‘quv yurtlarida qo‘shimcha adabiyot sifatida o‘qitilishini tavsiya etishmoqda. O‘ylaymanki, tegishli tashkilotlardagi ma’sullar bu ovozlarga quloq soladi. Roman-pamfletlar siyosatchi bo‘lishni niyat qilganlar va siyosatchilar uchun o‘quv qo‘llanmasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Men tabiatan yig‘loqi odamman. Otam Xolbo‘ta Mulla Qobil o‘g‘li rahmatlidan o‘tgan menga bu yig‘loqilik. Qalb onadan, iste’dod otadan bo‘lganidek, har bir qahramonim tana tuprog‘ini ona tuproqqa topshirganida ko‘z yosh to‘kaman. Yig‘lash foydali deydi-ku tabiblar. Faqat bag‘ritoshlargina yig‘lamaydilar.
– Dastlabki asarlaringizda afsonalarga asoslangan hikoyalar yozgansiz. "Salom, tog‘lar!" hikoyasini yozishga sizni nima ilhomlantirgan? Ilhom parisi kelmay qolgan paytlar ham bo‘ladimi?
– Sizning volidangiz Shirin Xolmurodova va qiblagohingiz Uzoqboy Pirjanov – qardoshlarim qoraqalpoq turkchasiga o‘girgan “Salom, tog‘lar!” qissasi so‘nggida rivoyatnoma bir epizod bor. Boshqa bitiklarimda yo‘q hisob. Bu asarim volidam Bibiniso Musulmonqul qizining hayoti va hikoyalari ta’sirida yozilgan.
Mening uch tur mashg‘ulotim bor. O‘qish, yozish va jismoniy mehnat. Bu uch mashg‘ulotni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Astoydil yozayotganimda ham uzoq o‘tirib qolmasliq uchun bog‘ga chiqib biror jismoniy ish qilib kelaman. Ota-yurtim O‘smat, Baxmalga borib ilhom olib kelmoq, yurtimizni kezmoq va oddiy, toza insonlar bilan suhbatlashmoq, otamlashmoq eng sevgan ishimdir.
– Ilgari yozuvchilar va o‘quvchilar o‘rtasida juda qiziqarli, jonli adabiy uchrashuvlar bo‘lib, kitobxon tomonidan savollar berilardi. Bu an’ana bugungi kunda ham davom etayaptimi?
– Hozir ham bunday uchrashuvlar davom etmoqda. Biroq o‘quvchi, kitobxon siz nazarda tutgan davrlardagi kabi o‘qimishli, saviyasi yuksak emas. Muxbirlar suhbat uchun kelganlarida “Savol bermoq uchun ham savod kerak” deyman hazilu chin aralash. Tezda boyishdek xastalikka chalingan jamiyatlarda kitobxonlik o‘z-o‘zidan susayib ketadi. Gohida ming kishilik zalda o‘tirgan yoshlardan birortasi ham risoladagidek savol bera olmaydi. Talabalarni qo‘ya turing, ularga saboq berayotganlarning darajalari ham hamin qadar.
– Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar va salbiy fikr bildirgan shaxslarga qanday munosabatda bo‘lasiz?
– Nohaq chalasavod va ojiz odam tanqiddan qo‘rqadi. Kuchli kishi to‘g‘ri tanqidni mardonavor qabul qiladi. Siz tilga olgan ijtimoiy tarmoqlar kishilarimiz saviyasini ko‘rsatuvchi barometrga aylanib qoldi. Savodsizlik va chalasavodlik tizza bo‘yi. Eplab jumla tuza olmaydiganlar o‘zgalarga aql o‘rgatmoqchi bo‘lishadi.
– Shaxsiy kutubxonangizda taxminan qancha kitob bor? Undagi eng muhim kitob siz uchun qaysi biri? Hozir qanday kitoblarni o‘qiyapsiz?
– Sanaganim yo‘q. O‘n besh mingdan ziyod bo‘lsa kerak. Men davomli ravishda maktablarga kitoblarni jo‘natib turaman. Kutubxonadagi eng noyob to‘plam ikki yuz jildlik “Jahon adabiyoti durdonalari” hozir esa Frits Uilfortning “Turkiston kundaligi” va Saidbahrom Azizovning “Alisher Navoiy asarlarida falakiyot sirlari” kitoblarini o‘qiyapman.
–Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Lira Shafiq suhbatlashdi.
O‘zA