Energiya resurslarini tejash davr talabi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mahsulot tannarxini pasaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilgan. U orqali muhandis-texnik xodimlar va ishchilarni operatsion samaradorligini yuksaltirish hamda yoqilg‘i-energiya resurslarini tejash bo‘yicha taklif va g‘oyalarini rag‘batlantiradi.
Mazkur tizim doirasida xodimlar o‘z loyiha takliflarini onlayn tarzda ishchi komissiyaga taqdim etadi. Ilgari surilgan g‘oyalar orasidan eng istiqbolli, iqtisodiy va amaliy jihatdan samarali deb topilganlari bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilib, mualliflar muntazam ravishda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilib borilmoqda. Bu esa energoresurslarni tejash bo‘yicha g‘oyalar harakatini kombinatda keng joriy etish va uni zamonaviy bosqichga olib chiqishga zamin yaratmoqda.

Xususan, Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda ham bir qator loyiha va takliflar ishchi komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Unda mehnat jamoasi tomonidan Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirish rejalashtirilgan 8 ta yangi loyihalarning taqdimoti o‘tkazildi.

G‘oya mualliflari o‘z loyihalarining taqdimotini o‘tkazib, ishchi komissiya a’zolariga loyihaning ahamiyati, iqtisodiy samaradorligi bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni berdi. Ahamiyatlisi, taklif etilgan g‘oyalarning yillik iqtisodiy samarasi 2,9 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Shuningdek, tadbir mobaynida kombinatda mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi Markaziy ta’mirlash mexanika zavodining 5 nafar xodimi tomonidan ham tayyorlangan loyihalarning taqdimoti o‘tkazildi. Zavod xodimlari taklif etgan g‘oyalarning yillik iqtisodiy samarasi esa 146,7 million so‘mni tashkil etyapti.

Ishchi komissiya mas’ullari tomonidan energetika va mexanika yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan har bir taklifning yutuq va kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi. G‘oyalarning ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etilishida har tomonlama puxta hisob-kitoblarga tayanish lozimligi ta’kidlandi. Mutaxassislar tomonidan g‘oya mualliflari taklif etayotgan loyihalar asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni mahalliylashtirilishiga e’tibor qaratish kerakligi aytib o‘tildi.

Ishchi komissiyasi a’zolari tomonidan mualliflarga loyihalarni yanada takomillashtirish, tannarxni optimallashtirish va resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi. Mazkur takliflar qayta ishlanib, iqtisodiy samaradorligi tasdiqlangach, ishlab chiqarishga keng joriy etilishi kerakligi aytildi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda kombinatda energoresurslarni tejash bo‘yicha 6 ta yo‘nalishda loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida OKMKda texnologiya, energetika, mexanika, raqamlashtirish, transport va logistika, metallurgiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha jami 132 ta loyiha taklifi amalga oshirildi.
Natijada korxonada yillik hisobda 457,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ iqtisod qilinadi. Shuningdek, 71 million kVt/soat elektr energiyasi, 276 ming kub metr tabiiy gaz hamda 13 million kub metr texnik suv sarfining tejamkorligiga erishildi. Bu ko‘rsatkichlar mahsulot tannarxini pasaytirishning ishonchli va kafolatlangan omillaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, shu kungacha 62 ta loyiha to‘liq amalga oshirilib, o‘zining yuqori iqtisodiy samarasini namoyon etdi. Shular hisobiga qariyb 93,3 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi.
A.Musayev, O‘zA