Bugungi kunda elektr energiya resurslarini tejash davr talabiga aylanmoqda. Shu bois har bir sohada energiya tejamkor uskunalardan foydalanishga harakat qilinmoqda. Bunga qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarni ham misol keltirish mumkin.
Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi cho‘l hududlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun suv manbai katta miqdordagi elektr energiya evaziga keltiriladi. Chunki Amudaryodan olinayotgan suv nasoslar yordamida magistral kanallarga ko‘tarib beriladi. Undan yana boshqa kanallarga va hokazo. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasida 695 nafar muhandis va ishchi xodim xizmat qiladi. Ular tomonidan tizim hisobidagi 56 dona sug‘orish, 13 dona meliorativ nasos stansiyalar, 1 ming 170 dona sug‘orish va 240 dona meliorativ quduqlar boshqariladi.

Boshqarma hisobidagi 244 dona nasos agregatlaridan 118 dona nasos va 139 dona elektrodvigatellar 20-30 yil mobaynida to‘liq quvvatda ishlab ma’nan eskirganligi hamda ishlatishga yaroqsiz holga kelgan agregatlar 2015-2024 yillar mobaynida bosqichma bosqich almashtirilmoqda.
Xususan, G‘uzor tumanidagi “Do‘stlik 1-2-3” nasos stansiyasi rahbari Ibrohim To‘raxonov soha bo‘yicha kattagina tajribaga ega. Stansiyadagi so‘nggi o‘zgarishlar nafaqat rahbar sifatida balki soha xodimi sifatida ham uni xursand qilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan stansiyadagi ish jarayonlari avvalgisidan ancha farq qilib, raqamli boshqaruv tizimi ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, deydi u.

– Nasos agregatlarimiz yangilangandan keyin ishchilarimiz xonada o‘tirib raqamli texnologiyalar orqali 24 soat davomida nasoslarni nazorat qilib borish imkoniga ega bo‘ldi, – deydi I.To‘raxonov. – Oldin nasoslarni qaysi biri buzilib qolganini bilish va uni tuzatishga ko‘p vaqt sarf bo‘lardi. Hozir esa qaysi agregat ishlamayotgani ekranda ko‘rinib turadi. Bir pastda bartaraf etamiz. Qo‘limiz qora yoqqa botmaydi. Xonalarimiz yorug‘ va shinam.
Yangidan qurib foydalanishga topshirilgan stansiya G‘uzor va Qarshi tumanlaridagi 13 ming gektardan ziyod ekin maydonlarini barqaror suv bilan ta’minlashga xizmat qilib, agregatlar ham zamonaviyligi bilan ajralib turadi. Bu esa suvning ortiqcha isrof bo‘lmasligini va energiya sarfini ham tejashga yordam bermoqda.

Tejamkorlik va omilkorlik bu bugungi kun talabi. Suv tanqisligi xavf solib turgan bir paytda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bu ne’matni asrash har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etib, sohaga zamonaviy texnologiyalarni olib kirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Qashqadaryo viloyatida mavjud 514 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonining 128 ming gektari nasos stansiyalari tomonidan yetkazib berilayotgan suv bilan sug‘oriladi.
Stansiyalar faoliyatini modernizatsiyalash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, eng muhimi bu orqali elektr energiyasi tejamkorligini oshirish ham ustuvor vazifalardan sanaladi. Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan ishlar esa ana shu vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilib, bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

– Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan joriy yil hisobidan energiya samaradorligini oshirish hamda iqtisod qilish yuzasidan 6 dona nasos agregatlarini almashtirish rejalashtirilgan edi, amalda esa qayta-qayta ekspluatatsiya qilinishiga qaramasdan yaroqsiz holga kelib, ma’nan eskirib qolgan 9 dona nasos zamonaviyiga almashtirildi, – deydi Nasos stansiyalarining elektr jihozlarini ta’mirlash xizmati boshlig‘i Jasur Ibragimov. – Buning natijasida elektr energiya sarfini 15 foizgacha qisqartirishga erishdik. Bundan tashqari, energiya tejovchi qurilmalardan samarali foydalanish va nasos stansiyalarini o‘z ehtiyoji uchun muqobil energiyalardan foydalanish yuzasidan ham samarali ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida 208 ming kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilishga erishildi. Keyingi yil davomida ham energiya samarador qurilmalardan foydalanish va elektr-energiyasini deyarli 15-20 foizga qisqartirishga erishish bo‘yicha amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, 2025 yilda 15 ta nasos stansiya, 902 dona yagona iste’molchi mavjud tik quduqlarga Davlat xususiy sheriklik asosida loyihalar jalb qilinishi ham rejalashtirilgan. Bu orqali 56,1 million kVt elektr energiya iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Jumladan, viloyatdagi 15 ta nasos stansiya va 50 ta sug‘orish, 20 ta meliorativ quduqlari Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan. Hozirda Qarshi tumanidagi “Yangibog‘”, “Nasaf”, Kitob tumanidagi “Qorabuloq” nasos stansiyalaridagi 50 ta sug‘orish quduqlariga tashabbuskorlar aniqlangan. Ushbu ob’ektlar loyiha hujjatlari asosida ishlab chiqilib, Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bu qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi. Binobarin, eski nasos stansiyalarini bugungi kun talabiga moslash hayotiy zarurat. Kelgusida stansiyalar faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilinishi esa suv ta’minoti bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri