"Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi" DUK axborot xizmatining xabar berishicha, endilikda O‘zbekistonda mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishda doimiy yashash joyi va nikoh guvohnomasi talab qilinmaydi.
Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga asosan "O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida"gi Nizom tasdiqlangan.
Nizomning 5-bandiga ko‘ra, mehmonxona xizmatlari doimiy yashash joyi, fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat’i nazar ko‘rsatilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Xabarda qayd etilishicha, mehmonxona xizmatlarini taqdim qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari ichki tartib qoidalarini ishlab chiqishi lozim. Ishlab chiqilgan ichki tartib qoidalari yuqoridagi Nizom talablariga zid bo‘lmasligi kerak.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyundagi 389-son qarori bilan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga egasining shaxsini tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berildi.
Shu munosabat bilan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish ob’ektlari fuqarolik pasporti yo‘qligiga ishora qilib, yangi milliy haydovchilik guvohnomasi taqdim etilganda mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishni rad etishga haqli emas.
O‘zA