“Ğamxörlik” markazidagi yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda ijtimoiy himoya tizimida amalga oşirilayotgan islohotlar doirasida nogironligi bölgan bolalarni har tomonlama qöllab-quvvatlaş, ularning ijtimoiy hayotga moslaşuvi, qiziqiş va qobiliyatlarini rivojlantirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada “Ğamxörlik” markazlarida yölga qöyilayotgan amaliy loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Qarşi şahridagi nogironligi bölgan bolalar uçun “Ğamxörlik” markazida tarbiyalanuvçilarning böş vaqtini mazmunli taşkil etiş bilan bir qatorda, ularga turli kasb-hunar va mehnat könikmalarini örgatişga qaratilgan bir qator yönalişlarda işlar olib borilmoqda.
Markazda tikuvçilik, çorvaçilik, gulçilik hamda issiqxona xöjaligi kabi yönalişlarda amaliy maşğulotlar taşkil etilgan. Uşbu jarayonlarga 20 nafardan ortiq tarbiyalanuvçi jalb qilingan. Har bir maşğulot bolalarning qiziqişi, imkoniyati va individual xususiyatlarini inobatga olgan holda taşkil etilgani bilan ahamiyatlidir.

Masalan, tikuvçilik maşğulotlari orqali tarbiyalanuvçilar mato bilan işlaş, oddiy tikuvçilik amallarini bajariş va turli buyumlar tayyorlaşni örganmoqda. Matolarga bezak beriş yönalişida esa ranglar uyğunligini tanlaş, mayda detallar bilan işlaş va taqinçoqlar yasaş könikmalari şakllantirilmoqda. Bu jarayon bolalarning nafaqat amaliy mahorati, balki ijodkorligi, diqqat-eʼtibori va mustaqil işlaş qobiliyatini ham rivojlantirişga xizmat qilmoqda.

Gulçilik va issiqxona yönalişlarida taşkil etilgan maşğulotlar ham öziga xos ahamiyatga ega. Tarbiyalanuvçilar ösimliklarni parvarişlaş, suğoriş va ularni yetiştiriş qoidalari bilan tanişmoqda. Çorvaçilik yönalişi esa ularda jonivorlarga ğamxörlik qiliş, masʼuliyatni his etiş va kundalik mehnat könikmalarini şakllantirişga yordam bermoqda.
Bunday maşğulotlarning eng muhim jihati şundaki, bolalar özlari bajargan iş natijasini köriş, yaratgan mahsulotidan quvoniş va yangi narsalarni örganiş orqali özlariga bölgan işonçni mustahkamlab bormoqda. Har bir kiçik yutuq ular uçun yangi marralar sari taşlangan muhim qadamdir.

Şuni alohida taʼkidlaş kerakki, mazkur loyihalarning maqsadi bolalarni şunçaki kasb-hunarga örgatiş bilangina çeklanmaydi. Asosiy eʼtibor ularning mustaqil fikrlaşi, kundalik hayotda zarur böladigan könikmalarni egallaşi, öz imkoniyatlarini anglaşi va kelajakda jamiyat hayotida faol iştirok etişiga qaratilgan.
Qarşi şahridagi “Ğamxörlik” markazida yölga qöyilgan uşbu taşabbuslar ham aynan şu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Bu yerda mehr bilan boşlangan har bir maşğulot bolalarning yangi bilim va könikmalarni egallaşi, mahoratini oşirişi hamda mustaqil hayot sari dadil qadam taşlaşiga zamin yaratmoqda.
Ölmas Barotov, ÖzA muxbiri