Endi 500 AQSH dollarigacha naqd valyuta xaridida pasport talab qilinmaydi
O‘zbekistonda aholi uchun naqd chet el valyutasini xarid qilish tartibi yanada soddalashtirilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, kichik miqdordagi valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talabi yengillashtirildi. Bu fuqarolarga bank xizmatlaridan tezkor va qulay foydalanish imkonini yaratadi.
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga hamda ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Markaziy bank malumotiga ko‘ra, 2026-yil 9-avgustdan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan naqd chet el valyutasini sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladigan limit 100 AQSH dollaridan 500 AQSH dollarigacha oshiriladi.
Yangi tartibga muvofiq, 500 AQSH dollari ekvivalentigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini xarid qilishda fuqarolardan pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat talab etilmaydi. Bu esa aholiga kichik miqdordagi valyuta operatsiyalarini ortiqcha rasmiylashtirishsiz amalga oshirish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga, mazkur qaror doirasida bank tizimida jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan yana bir qator o‘zgartirishlar ham nazarda tutilgan.
Mazkur o‘zgartishlarning barchasi 2026-yil 9-avgustdan kuchga kiradi.
Ekspertlar fikricha, yangi tartib bir tomondan aholi uchun bank xizmatlaridan foydalanishni yengillashtirsa, ikkinchi tomondan xalqaro talablar asosida moliyaviy xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu tariqa bank tizimida mijozlarga qulaylik yaratish hamda moliyaviy monitoring samaradorligini oshirish o‘rtasida muvozanat ta’minlanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA