Elektron tijorat sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi
“O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor – bond ombori tashkil etiladi.
Eksperiment doirasida bond ombori erkin ombor faoliyatini lisenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi.
Bond omboridan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan maxsus elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.
Bond omboriga tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi hamda ushbu tovarlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi.
Bond omboridan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarishda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanmaydi.
O‘zA