“Rho Motion” xalqaro tahlil markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida jahon bo‘yicha 4,1 milliondan ortiq elektromobil sotilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga ko‘pdir. Xitoy (2,4 million, +36%) dunyodagi eng katta ulushni saqlab turibdi, undan so‘ng Yevropa (0,9 million, +22%) va Shimoliy Amerika (0,5 million, +16%).
“Rho Motion”ning baholari sohada yo‘naltiruvchi mezon sifatida qabul qilinadi va ular ko‘plab davlatlar hamda yirik sanoat guruhlari tomonidan strategik qarorlar qabul qilishda keng qo‘llaniladi. 2025 yilning birinchi choragida bozor biroz beqaror sharoitda bo‘lsa-da, o‘sishni davom ettirmoqda. Buyuk Britaniyada mart oyida rekord darajada – 100 mingdan ortiq elektromobil sotilgan. Fransiyada esa hukumat subsidiyalarini bekor qilganidan so‘ng, savdolar 18 foizga pasaygan. Bu holat bozorning davlat qo‘lloviga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. AQSHda import avtomobillar va ehtiyot qismlariga qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qilingani tufayli narxlar va bozor kutilmalariga bosim kuchaymoqda.
Bugungi bozordagi vaziyat nafaqat davlat subsidiyalari siyosati, balki ishlab chiqarish geografiyasi bilan ham uzviy bog‘liq. Shu sababli, akkumulyatorlar va ularning asosiy komponentlarini mahalliy ishlab chiqarish masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda. Bu masala, jumladan, yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo" beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ham muhokama qilindi. Unda “Rosatom” tarkibidagi energiya to‘plash tizimlari bo‘yicha integratori “RENERA” kompaniyasining sotuvlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Aleksandr Pavlyuk ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi.
Pavlyukning ta’kidlashicha, Rossiya faqat akkumulyator batareyalarini yig‘ish emas, balki ishlab chiqarishning barcha asosiy bosqichlarini, energiya saqlovchi elementdan tortib tayyor akkumulyator tizimini o‘z hududida joriy etishga katta e’tibor qaratyapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyada quvvati 4 GVt bo‘lgan ikkita yangi zavod faoliyat boshlashi kutilmoqda. Bu kabi loyihalar MDH hududida ilk bor amalga oshiriladi. Yangi korxonalarda ishlab chiqarish jarayoni akkumulyator tizimining eng qimmat qismi, ya’ni energiya saqlovchi elementidan boshlanadi.
Mutaxassis qayd etganidek, akkumulyator texnologiyalari sohasida mustaqillikning ahamiyati muhim. Bugungi kunda katod materiallarining 70 foizi Xitoyda ishlab chiqariladi. Bu esa boshqa mamlakatlar uchun muayyan xavflar va qaramlikni yuzaga keltiradi. Mazkur vaziyatga javoban “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan litiy qazib olish, katod va anod materiallari hamda separatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga harakat qilinmoqda. Ushbu faoliyat Rossiya, Boliviya va Afrikadagi qator loyihalarni o‘z ichiga oladi.
“RENERA” vakili xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida fikr bildirar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini alohida ta’kidladi.
– Elektr transport sanoatini rivojlantirish davlat qo‘llovi va yaxlit tizimli yondashuv asosida amalga oshishi mumkin. Mutaxassisning fikricha, akkumulyator texnologiyalari bo‘yicha ilmiy va ishlab chiqarish bazasini yarata olgan mamlakatlar elektromobillarni import qilish bilan cheklanib qolmay, o‘z qo‘shimcha qiymat zanjirini shakllantiradi. Kompaniyamiz Yaqin Sharq mamlakatlarida modullar yig‘ilishini mahalliylashtirish hamda shunga o‘xshash zavodlar loyihalash va qurilishida ko‘maklashish bo‘yicha shartnomalar imzolagan. Biz O‘zbekiston bozoridagi shiddatli o‘sish tufayli texnologiyalar almashinuvi va salohiyatni birgalikda rivojlantirishga tayyormiz, –dedi A.Pavlyuk.
Jahon tajribasi va xalqaro hamkorlar amaliyoti shundan dalolat beradiki, elektr transportga o‘tish faqat ekologik zarurat emas, balki sanoatni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va malakali kadrlar tayyorlash sohalaridagi strategik vazifa hisoblanadi. Texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish va xalqaro loyihalarda ishtirok etish O‘zbekistonning global energetika muhitidagi pozitsiyasini mustahkamlashda muhim omildir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA