Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 18 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yosh kirib kelayotgan bo‘lsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi.
Bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyat va iqtidorini rivojlantirish va ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Xususan, o‘tgan 2023 yilda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yoshlarning 758 nafari davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan rivojlanishlarga mos tashabbuskor, iqtidorli, salohiyatli kadrlarni shakllantirish, rivojlangan xorijiy davlatlarda ularning bilimi, malakasini oshirish, yoshlarni dunyodagi yetakchi ilmiy tadqiqot markazlarida o‘qitish zamonning dolzarb talabi.
“El yurt umidi” jamg‘armasi oldiga shunday muhim va mas’uliyatli vazifa qo‘yilgan. Har yili jamg‘arma tomonidan e’lon qilinadigan stipendiya tanlovlarida vazirlik, idoralar mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, asosan, yoshlar faol ishtirok etib kelmoqda. Sinovlarda g‘olib bo‘lgan mingdan ziyod mutaxassis bugungi kunda magistratura, doktorantura, malaka oshirish dasturlari orqali 30 ga yaqin xorijiy davlatning 200 dan ortiq universitetlarida tahsil olib qaytdi.
Xo‘sh, xorijda o‘qigan mutaxassislar uchun qanday imtiyozlar taqdim etildi?
“El yurt umidi” jamg‘armasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2023 yil sentyabr oyidan bugunga qadar Jamg‘arma ko‘magida xorijda tahsil olgan tashabbuskor va faol yoshlar turli lavozimlarga qabul qilindi.
Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Angliyaning University of Leeds 2023 yilgi bitiruvchisi Anvarjon Mirzaaliyev O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining Xalqaro hamkorlik va reytinglar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - Protokol xizmati bo‘limi boshlig‘i lavozimiga, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Angliyaning University of Leicester 2023 yilgi bitiruvchisi Samandar Ismoilov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti Bosh ilmiy xodimi lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning University of Oxford magistratura bosqichi, Davlat siyosati yo‘nalishining 2023 yilgi bitiruvchisi Mushtariy Madrahimova O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Korrupsiyani oldini olish va “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga lozim deb topildi.
Buyuk Britaniyaning The University of Birmingham magistratura bosqichi, Davlat boshkaruvi (Moliya) yo‘nalishining 2023 yilgi bitiruvchisi Islom Ikramov Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamentining Byudjet jarayonini takomillashtirish va hisobi uslubiyoti boshqarmasidagi “Byudjet jarayoni takomillashtirish” bo‘limi boshlig‘i lavozimiga, AQSHning The George Washington University magistratura bosqichining Davlat siyosati yo‘nalishi bitiruvchisi Nurshod Nurqulov O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining Elektron hukumat tizimini rivojlantirish boshqarmasidagi Davlat organlarini raqamlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimiga tayinlandi.
Buyuk Britaniyaning University of Dundee magistratura bosqichi, Islom bank ishi yo‘nalishining 2023 yilgi bitiruvchisi G‘olibjon Ro‘zimurodovga “Mikrokreditbank”ATB ning “Risk menejmenti” departamenti direktori o‘rinbosari vazifasi va Buyuk Britaniyaning London School of Economics and Political science magistratura bosqichi, “Davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solish” yo‘nalishining 2023 yilgi bitiruvchisi Maftuna Qobilovaga Adliya vazirligining “Qonunchilik hujjatlarini tahlil qilish, tartibga solish ta’sirini baholash va huquqiy axborot” boshqarmasidagi “Qonunchilik hujjatlarini tartibga solish va korrupsiyaga qarshi ekspertiza” bo‘limi boshlig‘i vazifasi topshirildi.
Buyuk Britaniyaning Qirolicha Meri universiteti magistratura bosqichi, Bank ishi va moliya yo‘nalishining 2023 yilgi bitiruvchisi Sardor Adilov Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati,
AQSHning University of Southern California magistratura bosqichi, Xalqaro biznes va iqtisodiy huquq yo‘nalishining 2023 yilgi bitiruvchisi Sunnatillo Murtazayev “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning “Korporativ munosabatlar” bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Buyuk Britaniyaning University of Roehampton magistratura bosqichi, Amaliy tilshunoslik va ingliz tilini o‘zga til vakillariga o‘qitish yo‘nalishining 2019 yilgi bitiruvchisi Saidmuxammad To‘ychiboyzoda Farg‘ona davlat universitetining Akademik registrator ofisi boshlig‘i lavozimini egalladi.
Buyuk Britaniyaning London School of Economics and Political science magistratura bosqichi, Xalqaro strategiya va diplomatiya yo‘nalishining 2023 yilgi bitiruvchisi Inomjon Abdurahmonovga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Marketing va eksportni rivojlantirish departamenti boshlig‘i lavozimi topshirildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA