Bugun xalqaro maydonga yuz tutayotgan, barcha jabhalarda yuksak natijalarga erishishni maqsad qilgan O‘zbekiston o‘z maqsadi sari intiluvchan, serqirra iste’dod va yuksak ma’naviy fazilatlarga ega, zamonaviy bilim hamda kasblarni egallagan, davlat kelajagining hal qiluvchi kuchiga aylanadigan yoshlarni tarbiyalash uchun alohida e’tibor qaratmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining eng asosiy maqsadlaridan biri respublika hududlaridan iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni davlat xizmatiga yo‘naltirish maqsadida xorijdagi nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda ta’lim olishini tashkil etish, zamonaviy bilimga ega yangi avlod kadrlarini shakllantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy aloqa o‘rnatish orqali ularni mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etishdan iborat.
AOKAda “El-yurt umidi” jamg‘armasi mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, har yili Jamg‘arma tomonidan e’lon qilinadigan ochiq stipendiya tanlovlarida vazirliklar va idoralar mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, asosan, yoshlar faol ishtirok etib kelmoqda.
Qayd etilishicha, stipendiatlar dunyoning jami 40 ga yaqin davlatida, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi ilg‘or mamlakatlarning 280 dan ziyod universiteti, ilmiy markazlari va nufuzli kompaniyalarida ta’lim olib, 1 ming 330 nafari mamlakatimizga qaytib kelgan. Ular ta’lim, ilmiy-tadqiqot, sog‘liqni saqlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida samarali faoliyat olib bormoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bugungi kunda dunyoning eng nufuzli universitetlari, ilmiy markazlarida ta’lim olmoqda. Ayni vaqtda 550 nafar stipendiat AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda bakalavriat, magistratura, ordinatura hamda doktorantura dasturlarida o‘qishlarini davom ettirmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston yoshlarining xorijda ta’lim olishiga davlat byudjetidan muntazam va barqaror mablag‘ ajratib borilayotgani xorijlik hamkorlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
[gallery-20137]
Xorijda ta’lim olish dasturlari va tanlov yo‘nalishlari mavjud. Stipendiya tanlovlarida nomzodlarga qo‘yilgan asosiy talablardan biri O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi lozim. Yosh chegarasi –bakalavriat bosqichi uchun 25 yoshgacha, magistratura bosqichi uchun 20 yoshdan 45 yoshgacha, doktorantura bosqichi uchun 22 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lishi kerak. Kamida ikki yil mehnat tajribasi talab etiladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha tarmoqlari tanlov yo‘nalishi bundan mustasno.
Shuningdek, uchinchi shaxslarning to‘liq moliyaviy majburiyati to‘g‘risida rasmiy roziligi (kafolat xati), xorijiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingani to‘g‘risidagi taklifnoma-xati (Letter of acceptance yoki Letter of conditional acceptance) nusxasi taqdim etiladi.
Nomzodning xorijiy universitetga o‘qishga qabul qilingani to‘g‘risidagi taklifnoma-xati quyidagi reyting agentliklarining top-300 ro‘yxatidan o‘rin olgan bo‘lishi zarur:
TNE (The Times Nigher Education World University Rankings),
- QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings),
- ARWU (Academic Ranking of World Universitiyes),
- The U.S.News and World Report (Best Global University Rankings)
The U.S.News and World Report (Best Global University Rankings) akademik reytinglarning eng ilg‘or 300 ta (yoki tanlab olingan fan bo‘yicha yetakchi 100 ta) ta’lim va ilmiy muassasalarning taklifnoma-xatlari qabul qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva, Muhammad AMIN (surat), O‘zA