Eksportga ochilgan yo‘l
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksportyorlar faoliyatini rag‘batlantirish va tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan Prezidentimizning 2021-yil 21-apreldagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori amalda o‘z samarasini berayotir. Ayniqsa, ishlab chiqaruvchilar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi ochiq muloqot va manzilli yondashuv iqtisodiy faollikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Farhod Ortiqovning navbatdagi sayyor uchrashuvi ana shunday amaliy muloqotlardan biri sifatida “Bonu shirinliklari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etildi.

Zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan mazkur korxona bugun nafaqat viloyat, balki mamlakat oziq-ovqat sanoatida o‘z o‘rni va nufuziga ega yirik ishlab chiqarish maskanlaridan biriga aylangan. Yillik 7 ming tonna quvvatga ega korxonada qariyb 350 nafar mahalliy aholining doimiy ish bilan ta’minlangani esa islohotlarning odamlar hayotidagi amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, bu yerda tayyorlanayotgan shirinliklar faqat ichki bozorda emas, tashqi mamlakatlarda ham xaridorgir. Korxona mahsulotlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir qatorda Yevropa bozorlariga ham kirib boryapti. Joriy yilning o‘tgan davrida qiymati qariyb 2 million AQSH dollariga teng mahsulotlar Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikalari, Afg‘oniston, Kanada va boshqa davlatlarga eksport qilingani buning yorqin isbotidir.

Uchrashuv chog‘ida ishlab chiqarish jarayonlari, eksport yuklarini rasmiylashtirish, xomashyo import qilishdagi amaliy mexanizmlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Korxona rahbariyatiga tashqi iqtisodiy faoliyatda bojxona tartib-taomillarini yanada yengil va samarali tashkil etish yuzasidan zarur tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash, bojxona xizmatlarini raqamlashtirish va “yashil yo‘lak” tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan qarorlari tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu esa mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilyapti.

Muloqot davomida bojxona organlari eksportyor korxonalarga amaliy ko‘mak berish, tashqi bozorlarga chiqishda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish va tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga doimo tayyor ekani alohida qayd etildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri