Ekologik to‘lovlarni zararga moslashtirish taklifi bildirildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati tomonidan “Atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashni uslubiy jihatdan ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
So‘nggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, sohaga oid huquqiy baza takomillashtirildi. Xususan, “Ekologik audit to‘g‘risida”gi, “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar qabul qilindi. Atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.

“2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonlari, “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim hujjatlardan bo‘ldi.

Tadbirda amaldagi iqtisodiy mexanizmlar, xususan, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan kompensatsiya to‘lovlari tizimini uslubiy jihatdan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 2,3 million tonna, suv havzalariga tashlangan ifloslangan oqova suvlar esa qariyb 105 million kub metrni tashkil etgan. Amaldagi kompensatsiya to‘lovlari miqdori atrof-muhitga yetkazilayotgan iqtisodiy zararga mutanosib emas. Shu sababli “ifloslantiruvchi to‘laydi” va “tabiatdan foydalanuvchi to‘laydi” tamoyillariga asoslangan bozor mexanizmlarini keng joriy etish talab etiladi.

Shundan kelib chiqib, tadbir ishtirokchilari atrof-muhitga yetkazilgan zararni baholash metodologiyasini ommalashtirish, kompensatsiya to‘lovlari mexanizmlarini takomillashtirish, ekologik to‘lovlarni zararga moslashtirish, zarar miqdorini hisoblashda zamonaviy monitoring va hisob-kitob tizimlarini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Tadbir davomida Atrof-muhit ifloslanishidan yetkazilgan zararni aniqlash bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA