Ekologik tarbiyaning hayotiy va ta’sirchan namunasi
Jizzaxda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tashabbusi bilan rahbarlar va davlat xizmatchilari o‘zlari ta’lim olgan maktablariga borib, kamida o‘n tupdan manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekishga kirishdi. Bu sa’y-harakat — bir vaqtlar ilm va tarbiya olgan maskanga amaliy ehtirom va sadoqat ifodasidir.
E’tiborlisi, tashabbusda ramziylik va amaliylik uyg‘un. Maktab hovlilarida yashil hududlar kengayib borar ekan, ayni paytda rahbar va o‘quvchi, kechagi bitiruvchi va bugungi shogird o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik mustahkamlanmoqda. Bu esa ta’lim dargohlarining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladi.

Ko‘chat ekish jarayonida ishtirok etayotgan yoshlar tabiat haqidagi bilimlarini kitob orqali boyitar ekan, uning qadrini amaliy mehnat orqali yanada chuqur his etmoqda. Ular uchun har bir ekilgan nihol — parvarish, sabr va mas’uliyat talab qiladigan tirik qadriyatga aylanmoqda. Shu ma’noda, bu tashabbus ekologik tarbiyaning hayotiy va ta’sirchan namunasidir.

Mazkur ezgu amal mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarga hamohang tarzda rivojlanmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Jizzaxdagi ushbu tashabbus davlat siyosati ijrosining joylardagi amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. U jamiyatda “Mening daraxtim”, “Mening bog‘im” degan daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirib, tabiatga munosabat madaniyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Quvonarlisi, bu harakatga ota-onalarning ham faol qo‘shilayotgani uning ta’sir doirasini yanada kengaytirmoqda. Bu esa yashillikni asrash va ko‘paytirish g‘oyasi tobora hayotiy ehtiyojga aylanayotganidan dalolat beradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri