Aholining ekologik madaniyatini va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishini shakllantirishda ekologik ta’lim muhim ahamiyatga ega. “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida "...barcha turdagi ta’lim muassasalarida ekologiya o‘quvining majburiyligi” qayd etib o‘tilgan.
Ekologik ta’limning bosh maqsadi aholining barcha qatlamlarida, jumladan, maktabgacha va maktab ta’limida, shuningdek, kollej, texnikum va litsey o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim jarayonlarida atrof-muhitni asrash muammolariga ongli munosabatni shakllantirishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23 noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan milliy dasturida “barcha ta’lim turlarida ekologik ta’lim-tarbiyani mustaqil o‘quv kursi sifatida tegishli yo‘nalishdagi kadrlar tayyorlash o‘quv rejasining majburiy fanlar blokiga kiritish” bo‘yicha Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligiga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga, Ekologiya vazirligiga hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga Ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganish va Ishchi guruh xulosalarini o‘rnatilgan tartibda 2024 yil mart oyiga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirokida Ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida har bir vazirlik, idora va tashkilotlarda o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar qizg‘in muhokama qilindi.

Mazkur yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi o‘rinbosari B.Hofizov xalqaro tajribalardan kelib chiqib, ekologik ta’lim va innovatsiyalar klasteri tizimini joriy qilishning nechog‘lik muhimligi yuzasidan fikr bildirib, partiya tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarni bayon etdi:
– Bugungi kunda barcha ijtimoiy ong darajalari va madaniyat shakllarining ekologik manfaatlar doirasida integratsiyalashuvi jarayonlarining kuchayishi kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda ekologik madaniyatni rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liq, lekin nisbatan mustaqil ikki yo‘nalishni bir-biridan ajratgan holda tahlil qilish maqsadga muvofiq. Birinchisi, ekologik nazariy bilimlar majmuasi asosida insoniyatning tabiatni o‘zgartirish va o‘zlashtirishdan iborat amaliy faoliyatni tashkil etuvchi ishlab chiqarish, texnika, texnologiya taraqqiyotini oqilona tashkil qilish. Ikkinchisi, tarixiy ekologik tajribalar asosida ekologik ta’lim-tarbiya ijtimoiy institutlari yordamida kishilarda ekologik ong, tafakkur va dunyoqarashini rivojlantirishdir.
Bu yo‘nalishlarni umuminsoniy manfaatlar negizida uyg‘un taraqqiy ettirish, pirovard natijada faol ekologik madaniyat shakllanishida va ularning tabiatni muhofaza qilish faoliyatida katta rol o‘ynaydi.
Umuman, tabiat va jamiyat munosabatlarini ilmiy tushunish asosida ta’lim-tarbiya tizimida tegishli vosita va usullarni zamon talablari darajasida takomillashtirib, amaliyotda qo‘llash ekologik madaniyatni rivojlantirishning zaruriy shartidir. Buning uchun ta’lim-tarbiyaning barcha yo‘nalishlarini, usullarini, vositalarini uyg‘un rivojlantirish hamon dolzarbligicha qolmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi ekologik ta’limni keng joriy etishda bir qator takliflarni bildiradi. Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, ekologiya fanini mustaqil fan sifatida ta’limning barcha bosqichlariga kiritilishini tashkil etish, “yashil” taraqqiyot tamoyillarini ta’lim va ilm-fanga integratsiya qilish, oliy ta’lim tizimida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish, ekologik ta’lim sifatini mustaqil baholash tizimini shakllantirish va qo‘shimcha pedagogik ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, ekodiplomat kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu boradagi sa’y-harakatlarda partiyamiz hamkorlikka tayyor, – dedi Ekopartiya raisi o‘rinbosari.
Yig‘ilishda muhokamalardan so‘ng har bir vazirlik, idora va tashkilot o‘z vakolatlari doirasida mazkur masala yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni umumlashtirilgan holda ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA