12 yillik uchrashuvda global ekologik masalalar muhokama qilindi
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar atrof-muhit vazirlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tashkilotga a’zo davlatlar delegatsiyalari, tashkilot kotibiyati rahbariyati va hamkor xalqaro tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
– Bugungi uchrashuvimizning ahamiyatli tomoni shundaki, 12 yil ichida birinchi marta IHTga a’zo davlatlarning atrof-muhit vazirlari zamonaviy ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yig‘ildik, – dedi tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. – Bugun dunyo miqyosida global ekologik masalalar kun tartibiga chiqayotgan bir paytda mintaqamizdagi mamlakatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ekologik tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish, bilim va innovatsiyalar, eng yaxshi amaliyotlarni almashish barchamiz uchun juda muhim hisoblanadi.
Yig‘ilishda IHTning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha doiraviy dasturi, iqlim va bioxilma-xillik bo‘yicha ish dasturlari va Samarqand deklaratsiyasi muhokama qilindi. Cho‘llanishga qarshi kurashish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, barqaror o‘rmon xo‘jaligini boshqarish, qum va chang bo‘ronlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tomoni mintaqaviy ekologik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha asosiy tashabbuslarni taqdim etdi. Xususan, “Green University” qoshidagi cho‘llanishga qarshi kurash va cho‘l iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati, shuningdek, O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalar almashinuvi va qo‘shma sinov loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi qayd etildi.
Bundan tashqari ishtirokchilarga IHTga a’zo davlatlar uchun 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan, cho‘l hududlarida o‘rmonzorlarni barpo etishga qaratilgan transchegaraviy “Yashil dastur” ishlab chiqish tashabbusi taqdim etildi. O‘zbekiston tomoni, shuningdek, tashkilotning atrof-muhitga oid hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi platformasi doirasida qum va chang bo‘ronlari uchun mintaqaviy erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar IHTning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Atrof-muhit bo‘yicha hamkorlik doiraviy dasturini va uning tematik ilovalarini, jumladan, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillik bo‘yicha ish dasturlarini ma’qulladi. Mintaqaviy ekologik hamkorlik bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri