Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tuman sport maktabida 30 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan hamda 70 yoshdan oshgan aholi vakillari o‘rtasida jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashga qaratilgan sport sinovlari o‘tkazildi.

Unda ishtirokchilarning jismoniy imkoniyatlari turli mashqlar orqali sinovdan o‘tkazilib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy faollikni oshirish va sport bilan muntazam shug‘ullanishga qiziqishni kuchaytirishga e’tibor qaratildi.

***
Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Kitobxonlik muhitini oilalardan boshlash, mutolaaga mehr uyg‘otish va badiiy adabiyotga qiziqishni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan bellashuvda ishtirokchi oilalarning kitobxonlik darajasi, o‘qilgan asarlar mazmunini bilishi, dunyoqarashi va mutolaa madaniyati turli shartlar asosida sinovdan o‘tkazildi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy kechgan tanlovda oilalar o‘z bilim va intellektual salohiyatini namoyon etib, kitobga bo‘lgan mehrini ko‘rsatdi. Yakunda yuqori natija qayd etgan va faol ishtirok etgan oilalar munosib rag‘batlantirildi.

***
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati Olima Turdiyeva Sharof Rashidov tumanidagi Yangidiyor mahallasida mahalla yettiligi a’zolari bilan birgalikda xonadonbay o‘rganishlar o‘tkazdi.

Xonadonlarga tashrif chog‘ida fuqarolarning ijtimoiy-maishiy sharoiti, bandligi, ehtiyojlari va murojaatlari o‘rganildi. Ayniqsa, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar, ish bilan ta’minlash va kundalik hayotda uchrayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

Fuqarolarning taklif va murojaatlari mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, ularni hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Bunday xonadonbay muloqotlar muammoni joyida ko‘rish, uning asl sababini aniqlash va amaliy yechim topish imkonini bermoqda.
***
G‘allaorol tumanida Payshanba – yoshlar kuni munosabati bilan probatsiya nazoratida turgan yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, hudud mutasaddilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Muloqotda yoshlarning muammolari, ularni jamiyatga moslashtirish va bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Har bir murojaatni e’tiborsiz qoldirmaslik, mavjud muammolarni manzilli hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilarga hududdagi mavjud vakansiyalar, ishga joylashish shartlari va imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
***
Zomin tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan fuqarolar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida aholiga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, huquqiy kafolatlar va o‘z huquq hamda manfaatlarini himoya qilish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, firibgarlik, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar va kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Fuqarolarga shaxsiy ma’lumotlar va moliyaviy mablag‘larni himoya qilish, shubhali qo‘ng‘iroq va xabarlarga aldanmaslik, huquqbuzarliklarga duch kelganda qonuniy tartibda harakat qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Tadbir aholining huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish, qonunchilikdagi imkoniyatlardan xabardorligini kuchaytirish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri