Dzyudochilarimiz nufuzli turnirni 9 ta medal bilan boshladi
“Almaty Cadets and Juniors Asian Cup 2026” musobaqasining ilk kunida hamyurtlarimiz 4 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza, jami 9 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida dzyudo bo‘yicha “Almaty Cadets and Juniors Asian Cup 2026” musobaqasi davom etmoqda. Dunyoning 12 ta mamlakatidan kelgan sportchilar ishtirok etayotgan nufuzli turnirning yoshlar o‘rtasidagi bahslari O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
Ilk kunda hamyurtlarimiz 4 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza, jami 9 ta medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, -52 kilogramm vazn toifasida Nigina Umrzoqova, -57 kilogrammda Rayhona Mamatova, -60 kilogrammda Dilshod Karimov hamda -66 kilogrammda Asadbek Misirov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Kumush medallarni esa -63 kilogrammda Asal Karimjonova, -60 kilogrammda Ramziddin Norboboyev va -66 kilogrammda Abdurahmon Sa’dullayev qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Saodat Qoraboyeva (-52 kg) hamda Adina Abilqosimova (-63 kg) bronza medallariga ega chiqdi.
Ayni paytda musobaqada yoshlar o‘rtasida o‘rta va og‘ir vazn toifalaridagi bellashuvlar davom etmoqda. Ularda ham O‘zbekiston vakillari sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA