Dzyudochilarimiz Qozog‘iston turnirida 13 ta medalni qo‘lga kiritdi
Qozog‘istonning Aktau shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan “Aktau Asian Open 2026” xalqaro turnirida mamlakatimiz vakillari 13 ta medalni qo‘lga kiritdi.
7 davlatning 182 nafar dzyudochisi ishtirok etgan xalqaro turnirning erkaklar o‘rtasida -100 va +100 kilogramm og‘irlikdagi bellashuvlarida terma jamoamiz a’zolari Mirjalol Normo‘minov va Muhammadali Tangriyev chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.

Shuningdek, ikki yillik tanaffusdan keyin Diyora Keldiyorovaning oltin medalga ega chiqishi, yosh dzyudochilarimiz Fotimaxon Tursunboyeva, Nizomiddinxo‘ja Toshpo‘latov oltin, Shinar Ibrayeva va Ramazon Allaberdiyev kumush, Halimajon Qurbonova, Muhayyo Ahmatova, Sarvinoz Husanova, Farangiz Hojiyeva, Azizbek Avazmurodov, Sultonbek Abdushukurov bronza medalga ega chiqishi o‘zbek dzyudosining xalqaro maydondagi salobatini yana bir karra namoyish etdi.
Umumjamoa hisobida 7 ta oltin, 6 ta kumush va 13 ta bronza medal bilan Qozog‘iston terma jamoasi 1-o‘rinni egallagan vaziyatda, 5 ta oltin, 2 ta kumush 6 ta bronza medali jamg‘argan O‘zbekiston terma jamoasi 2-o‘rinni band etdi. Kuchli uchlikka Ozarbayjon terma jamoasi 1 ta oltin, 5 ta kumush, 8 ta bronza medal bilan yakun yasadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA