Bugun, 4 may kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida dzyudo bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumidagi xalqaro turnirning so‘nggi kunida erkaklar o‘rtasida 90, -100, +100 kilogrammda hamda ayollar o‘rasida -78 va +78 kilo og‘irlikda g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Kun davomida kechadigan murosasiz bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Azizbek Avazmurodov, Umar Bozorov, Muhammadali Tangriyev, Muhammadsodiq Sodiqov, Muzaffarbek To‘raboyev, O‘tkirbek To‘raboyev, Shinar Ibrayeva, Irisxon Qurbonaliyeva, Fotima Quronboyeva Dushanbe tatamilarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.

Dushanbe tatamilarida kechgan kechagi kun bellashuvlarida 7 nafar dzyudochimiz g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Shiddatli o‘tgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, ikki nafar hamyurtimiz sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi.

-73 kg. vazn toifasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Hojiakbar Toshev bronza medali uchun o‘tgan kurashda fransiyalik Benjamin Aksusni mag‘lub etib, sovrindorlar qatoridan joy olgan bo‘lsa, -81 kg. vazn toifasida tatamiga chiqqan Murodjon Yo‘ldoshev bronza medali yo‘lida yana bir dzyudochimiz Suhrob Tursunovni dog‘da qoldirdi.

27 davlatning 220 nafardan ziyod dzyudochilari ishtirok etayotgan xalqaro turnirning ortda qolgan bahslari sarhisobiga ko‘ra, medallar jamg‘arishda qo‘shni Tojikiston terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan umumjamoada yetakchilik qilmoqda. Keyingi pog‘onalarda borayotgan Fransiya va Mo‘g‘uliston jamoalarida 2 tadan oltin mavjud vaziyatda O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan kuchli yettilikni band etib turibdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA