Dunyoda millionerlar soni rekord darajada ko‘paydi
Shveysariyaning UBS banki yillik hisobotida jahonda shaxsiy boylik to‘plash sur’ati so‘nggi davrdagi eng yuqori darajaga yetganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” agentligi yozgan.
Moliyaviy bozor rivojlanishi asnosida dunyo bo‘ylab qariyb bir million nafar yangi dollarli millioner paydo bo‘lgan. Afsuski, bu ijobiy ko‘rsatkich boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni ham sezilarli darajada kengaytirgan.
UBS banki “Global Wealth Report” tadqiqotiga ko‘ra, o‘tgan yil shaxsiy boylik hajmi global miqyosda 10,8 foiz oshgan. Bu raqam 2024-yil 4,6 foiz, 2023-yil esa 4,2 foiz edi. Ekspertlar fikricha, hozir yer yuzining qariyb barcha nuqtalarida tarixan eng ko‘p millioner istiqomat qilmoqda. Yangi boylarning salkam yarmi – 440 000 dan ko‘pi AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Yevropada esa boylik dollar qiymatida tez sur’at bilan o‘sishiga yevroga nisbatan qadrsizlanish asosiy sabab bo‘ldi.
Darvoqe, hisobotda xavotirli bir an’anaga ham urg‘u berilgan. O‘rtacha boylik miqdori oshganiga qaramay, 2020-yildan buyon jamiyatdagi iqtisodiy tengsizlik yanada chuqurlashgan. Aholining sof daromadi va o‘rta qatlam ahvolini aniqroq aks ettiruvchi ko‘rsatkich aksariyat davlatlarda pasaygan. Demak, o‘ta badavlat insonlar va keng xalq ommasi orasidagi iqtisodiy jarlik borgan sari kattalashyapti.
UBS ushbu tahlilni tayyorlashda dunyodagi jami boylikning 92 foizi to‘plangan 56 yirik bozorni o‘rganib chiqqan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA