Dublyaj ham ijod, ham san’at
Mulohaza
20-asrning 60- 80-yillarida o‘zbek badiiy kinosining dublyaj san’ati o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga chiqqan desak aslo yanglishmagan bo‘lamiz.
Albatta, bunda mashhur kino va teatr aktyorlari – dublyaj ustalarining mahorati alohida o‘rin tutgan. Ular sirasiga Olim Xo‘jayev, Shukur Burxonov, Razzoq Hamroyev, Qudrat Xo‘jayev, Amin Turdiyev, Vohid Qodirov, Hamza Umarov, Obid Yunusov, Oybarchin Bakirova, Mukkambar Rahimova, Hojiakbar Nurmatov, Omon Abdurazzoqov, Rima Ahmedova, Dias Rahmatov, Yoqub Ahmedov, To‘lqin Tojiyev va yana boshqa o‘nlab aktyorlarimizni kiritish mumkin.

Ular ovoz bergan kinolarni qayta-qayta ko‘rgingiz keladi. Ulardagi ovoz tovlanishlari, so‘zni aniq va tiniq tarzda yetkazib berishlari tomoshabinga bir olam zavqu shavq bag‘ishlaydi. Bundan tashqari, ular o‘zbek tilining naqadar go‘zalligi va jozibadorligini olam aro namoyish qildilar. Darhaqiqat, o‘sha paytlarda bizda har yili boshqa respublikalarda ishlangan saksonga yaqin badiiy filmlarga ovoz berilgan. Ushbu filmlar soni oz bo‘lgandanmi ularning dublyajiga eng taniqli, ovozlarining jozibadorligi jihatdan boshqalarnikidan keskin ajralib turuvchi aktyorlar taklif qilingan.

Shundan bo‘lsa kerak, o‘zbek tiliga dublyaj qilingan har bir film tezda tomoshabinlar e’tiboriga tushgan, mehrini qozongan. Albatta, bu muvaffaqiyatlarda dublyaj rejissyorlarining ham munosib xizmatlari bor.
Aytishlaricha, taniqli kino aktyor Valeriy Leonov Toshkentga kelib, bir kinoni ko‘rish jarayonida o‘ziga ovoz bergan Vohid Qodirovni eshitib, “o‘zim gapirayapmanmi” deb hayratga tushgan ekan. Albatta, mashhur aktyorning hayratlanishicha bor edi. Siz ushbu aktyor qatnashgan “Omadli jentelmanlar”, “Bug‘doyzor oralab” kabi filmlarni ko‘rsangiz, unga ovoz bergan Vohid Qodirovning mahoratiga faqat tan beribgina qolmasdan, tasannolar aytasiz, uning chinakam muxlisiga aylanasiz. Yoki O‘zbekiston xalq artisti Shukur Burxonovning “Soldat otasi” filmidagi bosh qahramonga bergan ovozlarini eshitganingizda, urushda yaralangan o‘g‘lini ko‘rish uchun otlangan ota o‘z dardlarini so‘zlaganida ma’yuslansangiz, “xohlasam u yoqqa, xohlasam bu yoqqa gulyat qilaman” yoki “dokument chatoq, dokument!” kabi ruscha aralashgan talaffuzlarini eshitganimizda beixtiyor labimizga kulgu yuguradi. Siz gruzin filmini emas, o‘zbek kinosini tomosha qilganday bo‘lasiz. Ayniqsa, otaning bosib olingan hududdagi uzumzorni tankda bosib, yanchayotgan askarni to‘xtatib, unga aytgan so‘zlarining ta’siri tufayli ko‘zingizga yosh keladi. Albatta, bu yerda aktyorning, qolaversa unga ovoz berayotgan Shukur akaning mahorati, ovozi nihoyatda katta rol o‘ynagan. Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Hamza Umarovning “Boshsiz chavandoz”, “Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi” kabi filmlardagi yovuz tadbirkor va shohga bergan ovozlarini tinglaganingizda esa o‘zbek tilining naqadar o‘ktam, chiroyli, xuddi olmosday tovlanuvchan ekanligini yurakdan his qilasiz. Shu tilda gapirganligingizdan faxrlanib ketasiz.

“Qilich va qalqon”, “Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi”, ” Kavkaz asirasi” filmlarini o‘zbeklashtirishda ishtirok etgan O‘zbekiston xalq artisti, sevimli aktyorimiz To‘lqin Tojiyevning Yogan Vays, mug‘ombir o‘g‘ri va Shurikka bergan ovozlarini tinglab to‘ymaysiz, kinoni qayta-qayta ko‘rsangiz ham aslo zerikmaysiz.
Men O‘zbekiston radiosida ishlagan paytlarim To‘lqin aka radioga tez-tez kelib turardi. Shundanmi, u kishi bilan suhbatlashish kaminaga ko‘p marta nasib bo‘lgan. O‘sha suhbatlarning birida To‘lqin aka ustozi Hamza Umarovdan qanday qilib ovoz berish yo‘llarini o‘rganganligini aytib berardi. Ha, ovoz berishda ham ustozlardan o‘rganish, saboq olish nihoyatda zarurligini o‘shanda anglaganman.

Sevimli aktyorimiz Hojikabar Nurmatovning teatr va kinoda o‘ynagan rollari bir tomon
bo‘lsa, dublyajadagi faoliyatlari bir tomon edi. Birgina “Ishqdagi ishq” filmidagi Novoselevga bergan ovozini olaylik. Bu ovoz rostdan ham naqadar o‘ynoqi, tovlanuvchan va ta’sirchandir. Tinglab turib maza qilasiz, miriqib kulasiz, kezi kelganda o‘yga tolasiz. Qahramonning ba’zan duduqlanib, ba’zan tortinib aytgan (o‘zbekcha) so‘zlaridan zavlanasiz, aktyor mahoratiga tan berasiz. Mazkur filmda rahbar ayolga ovoz bergan O‘zbekiston xalq artisti Rima Ahmedovaning esa har bir so‘zi yurakkacha yetib boradi.Ularni eshitib huzur qilasiz, zavqlanasiz.
Umrining so‘nggi paytlarida Hojiakbar aka ham, Rima opa ham ko‘plab xorij seriallari qahramonlariga ham ovoz berishdi, ularning yurtimiz tomoshabinlariga tanilishida, ona tilimizning yanada rivoj topishida beqiyos xizmat ko‘rsatishdi.

Yana bir ajoyib aktyorimiz Obid Yunusovning ham ovozlari naqadar yoqimli, o‘ziga xos edi. U kishi ham hayot chog‘larida yuzlab kinolarni dublyaj qilishda ishtirok etdi. Ayniqsa uning “ Robinzon Kruzoning sarguzashtlari ” filmning bosh qahramoniga bergan ovozlari aktyor ijodida alohida o‘rin tutadi desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Chunki ushbu kino boshlanishi bilan Obid akaning o‘tkir va yoqimli ovozi butun qalb, vujudingizni sehrlab qo‘yadi va bu sehr kino o‘z yakuniga yetguncha sizni aslo tark etmaydi.

Dublyaj san’atining yana bir ulkan vakillaridan biri O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov edi. U kishi ham yillar davomida teatr va kinoda ko‘plab rollar o‘ynashi bilan bir qatorda dublyajda ham samarali ijod qildi. U kishining birgina “ Graf Monte Kristo” seriali qahramonlaridan biri Abbat Fariaga bergan ovozlari tomoshabinlar yodidan umrbod o‘chmasa kerak. Yoqub aka mazkur personajdagi o‘ziga xos jangovarlik, sirlilik va donishmandlikni tomoshabinga o‘zining takrorlanmas ovozi va mahorati orqali to‘la yetkazib berolgan.

Darhaqiqat, o‘sha paytlarda yaratilgan “Vatanparvar”, “ Oq bo‘rilar”, “Shamollarda qolgan hislarim”, “Uch mushkatyor”, “Omad hamisha kelavermaydi”, “Sheryurak”, “Qo‘lga tushmas qasoskorlar”, “Afonya”, “Konodor Dolsning sarguzashtlari”, “Tabib” kabi yuzlab badiiy filmlar, shuningdek, “Boylar ham yig‘laydi”, “To‘rt tankchi va it”, “Kapitan Tankesh” kabi ko‘plab xorij seriallarini ham yuqorida nomlari va ta’riflari keltirilgan sevimli aktyorlarimiz ovozlarida maza qilib tomosha qilganmiz, ajoyib lahzalarni boshdan kechirganmiz. Ushbu kinolar dublyajida so‘zning to‘g‘ri qo‘llanilishiga juda katta e’tibor qaratilgan. Har bir jumla, har bir so‘z ustida juda qattiq ishlangan.
Tarjimaning ravon va nuqsonsiz bo‘lishiga harakat qilingan. Kezi kelganda, aktyorlar ham so‘zlarni to‘ri talaffuz qilish yuzasidan muharrir va rejissyorlarga maslahatlar berishgan.
Bugungi kunga kelib esa dublyaj sohasining tutgan o‘rni, miqyosi yanada kengayib ketdi. Mustaqillikdan oldin yil davomida saksonga yaqin filmlar dublyaj qilingan bo‘lsa, ayni paytda ko‘plab xorijiy filmlar, o‘nlab seriallar dublyaj qilinib, o‘zbek tomoshabinlariga yetkazib berilmoqda. Bu ishda ham har doimgiday soha ustalari bo‘lmish – aktyor, rejissyor va montajchilar jonbozlik ko‘rsatib, mehnat qilishmoqda.
Seriallar ko‘pincha sinxron tarzda dublyaj qilinib, bir aktyor bir yo‘la uch-to‘rtta qahromonga ovoz bermoqda. Shundanmi, ayrim paytlarda ba’zi so‘zlar ovoz bergan aktyor tomonidan shevada aytilmoqda, ba’zan esa gaplarda ega-kesim biri-biriga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar ham uchrab turibdi. Gohida esa aktyorning ovozi kinodagi qahramonning yuz tuzilishi va harakatlariga mos tushmaganligini ham ko‘rish mumkin. Mazkur kamchililiklarga qaramasdan, bugungi kunda ham dublyaj sohasi rivojlanib bormoqda. Sohaga yangidan yangi yosh iste’dodlar kirib kelmoqda. Ularga dublyajda suyagi qotgan, el aro nomlari mashhur aktyorlarimiz, jumladan Elyor Nosirov, Erkin Komilov, Boir Xolmirzayev, Noila Toshkanboyeva, Mahmud Ismoilov, Dildora Rustamova, Dilnoza Kubayevalar ustozlik qilishmoqda.
Hozir ko‘p sohalarda bo‘lganidek, kino sohasiga, xususan dublyajga ham davlatimiz tomonidan juda katta e’tibor berilmoqda, g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Ana shundan foydalangan holda dublyajdagi erishilgan yutuqlarni rivojlantirish, yangidan yangi muvaffaqiyatlarga erishish mumkin bo‘ladi.
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi,
O‘zA