Andijon tarixining ko‘zgusi
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi yurtimiz tarixi, xalqimiz, umuman, turkiy xalqlarning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan o‘zligimizni anglashga, o‘tmishdan ibrat olib yashashga undaydigan maskan hisoblanadi.
Bu muzey yurtimizdagi muzeylar orasida o‘z nufuzi va salohiyatiga ega ilmiy ma’rifiy maskan sanaladi. Muzey dastlab 1934-yilda qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasi bazasida tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi tegishli qarori bilan Andijon viloyati O‘lkashunoslik hamda Andijon viloyati Adabiyot va san’at muzeylari birlashtirilib, uning negizida qayta tashkil etilgan. Bugungi kunda muzeyning tarkibida 1 ta filial, 4 bo‘lim faoliyat yuritadi.



1982-yilga kelib, muzey yangi, zamonaviy va har tomonlama qulay binoga ega bo‘ldi. Bugungi kunda muzey binosi noyob arxitektura yodgorligi hisoblanadi. Muzey binosining bosh fasadiga o‘rnatilgan dekorativ mahobatli bo‘rtma tasvir Sankt-Peterburg badiiy kombinatidan taklif qilingan haykaltaroshlar jamoasi tomonidan ishlangan bo‘lib, XX asr oxirlariga xos betakror devoriy san’at asari sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni kunda muzey fondlarida 156 mingdan ziyod bebaho arxeologik asoratidalar, rang-tasvir asarlari, numizmatika, etnografiyaga oid eksponatlar, shuningdek, o‘zbek xalqi tarixining muhim bosqichlarini o‘zida aks ettirgan noyob arxiv ma’lumotlari, qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, fotomateriallar saqlanmoqda.

Tarkibida 50 mingdan ortiq ashyoni saqlab kelayotgan muzeyning arxeologiya fondi ilk paleolit davridan boshlab, XV asrgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan. Andijonda 200 dan ortiq manzilgohlar ochib o‘rganilgan bo‘lib, Dalvarzintepa, Eylatan, Mingtepa, G‘ayrattepa, Sultonobod, Qo‘rg‘ontepa,Chordona, Sho‘rtepa, Chordona va Lo‘mbitepa, Xilla-ariq va boshqalar shular jumlasidandir. Arxeologiya fondi ushbu manzilgohlarda turli yillarda olib borilgan ekspeditsiyalarda topilgan buyumlar hisobiga shakllangan.
Muzeyning qo‘lyozmalar fondi 1 ming 500 atrofidagi nodir eksponatlardan tarkib topgan bo‘lib, ular islomiy sud jarayoniga oid hujjatlar, tarix, fiqh, tabobat, riyoziyot, diniy va dunyoviy mazmundagi arab, o‘zbek, fors va turk tillarida bitilgan qo‘lyozma va toshbosma kitoblarni o‘z ichiga olgan.
Noyob qo‘lyozmalarni yig‘ish va saqlashda sharq xalqlari tarixi va adabiyotining ixlosmandi, arab-fors tillari bilimdoni, 1917–1927-yillarda Andijon shahar xalq ta’limi qoshidagi kutubxona mudiri sifatida faoliyat yuritgan Abduvali Maqsudov (Vali Maqsudiy)ning xizmatlari nihoyatda katta.
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining fondi yillar davomida nodir tasviriy san’at asarlari bilan to‘ldirib borilgan. Muzey xazinasida yigirmanchi asr o‘rtalaridan hozirgi kungacha yaratilgan O‘zbekiston tasviriy san’atining 1000 dan ziyod rang-tasvir va grafika asarlari hamda haykaltaroshlik namunalari saqlanadi.
Muzeyning tasviriy san’at bo‘limini shakllanishida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, Toshkent, Andijon, Qo‘qon, Samarqand, Jizzax shahridagi adabiyot muzeylari hamda qo‘lyozmalar institutining tashkil etilishiga rahbarlik qilgan Hamid Sulaymonovning xizmatlari katta bo‘lgan.
Alisher Navoiy tavalludining 525 yillik yubileyi arafasida Hamid Sulaymonov Andijon shahridagi Jome me’moriy majmuasida Toshkentdagi Adabiyot muzeyining Andijon filialini ochish taklifini ilgari surgan. Ana shu taklif asosida viloyat rahbarlarining amaliy yordami bilan shahardagi tashlandiq holatdagi, ikkinchi jahon urushi davrida evakuatsiya qilinganlar uchun yotoqxonalarga aylantirilgan madrasa hujralari bo‘shatilib, kapital ta’mirdan chiqarildi. Shu tariqa 1974-yilda Alisher Navoiy tavalludining 525 yillik yubileyi oldidan Toshkent adabiyot muzeyining Andijon filiali ochildi.
Yangi tashkil etilgan filialda ekspozitsiya tashkil qilish uchun Toshkentdagi adabiyot muzeyi fondidan shoir va yozuvchilarning, olimlarning portretlari, Alisher Navoiy, Bobur hayoti va ijodiga oid tasviriy san’at asarlari ajratiladi.

Bugungi kunda muzey fondida saqlanayotgan nodir tasviriy san’at asarlari orasida yurtimiz rang-tasvirchi musavvirlarining kuchli jihatlaridan biri bo‘lgan portret janri alohida o‘rin egallaydi. Muzey faoliyatining keyingi davrlarida ham “Rassom” badiiy-ijodiy ishlab chiqarish kombinati ko‘magi bilan muzey fondi tasviriy san’at asarlari bilan to‘ldirib borilgan.
Xalq hunarmandchiligi, etnografiya hamda tasviriy san’at kolleksiyalarining shakllanishi muzeyda “Xalq amaliy va tasviriy san’ati bo‘limi”ni ochilishiga asos bo‘ldi. Bugun mazkur bo‘limda milliy an’anaviy kulolchilik, kashtachilik, zargarlik, pichoqchilik, gilamdo‘zlik san’ati, yog‘och o‘ymakorligi san’atiga oid ko‘plab buyum va eksponatlar o‘rin olgan.
Shuningdek, muzey fondidan Andijon viloyatining tarixiga oid hujjatlar, fotosuratlar, viloyatda yashab, ijod qilgan taniqli olimlar, adabiyotshunoslar, madaniyat va san’at ustalarining shaxsiy buyumlari va mukofotlari ham joy olgan.
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi keyingi yillarda kapital rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, infratuzilmasi tubdan yangilandi. Zamonaviy, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanib, tashrif buyuruvchilar uchun keng qulayliklar yaratildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqlv (foto),
O‘zA muxbirlari.