Do‘stlikda pilla xirmoni yuksalmoqda
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida pillachilik mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Sohani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va xonadonlar daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ayni kunlarda o‘z samarasini berayapti.
Mavsum oldidan tumandagi 12 ta mahallada ipak qurtini parvarishlash uchun maxsus xonalar tashkil etildi. Xususan, Navro‘z mahallasidagi xonadonlarda 300 quti ipak qurti parvarish qilingan bo‘lsa, markazlashgan pilla parvarishi uchun tashkil etilgan xonada qo‘shimcha 50 quti ipak qurti boqildi.
Mazkur jarayonlarga 70 nafardan ortiq ishsiz xotin-qiz jalb qilinib, ular uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratildi.
— Uy bekasiman, - deydi Oysanam Turdimurotova. — Mahallamizda tashkil etilgan ipak qurti parvarishlash xonasi biz kabi ayollar uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Bu yil 5 quti ipak qurtini parvarishlab, 316 kilogramm sifatli pilla yetishtirdik va davlatga topshirdik.
Ayni kunlarda tumanda pilla terimi qizg‘in pallaga kirgan. Mehnatkash aholi, xotin-qizlar va yoshlar pilla hosilini nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish uchun sidqidildan mehnat qilmoqda.
Yetishtirilgan pilla xomashyosi “G'allaorol Silk Eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qabul qilib olinmoqda. Topshirilgan mahsulot uchun to‘lovlarning shu joyning o‘zida amalga oshirilayotgani pillakorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.
[gallery-29608]
Bugungi kunga qadar tuman xirmoniga 25 tonnadan ortiq sifatli pilla topshirildi. Ayni paytda mavsum davomida 100 tonnadan ziyod pilla xomashyosini qabul qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA