Uychida pilla hosilini yig‘ib olish ishlari jadal ketmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uychi tumanida pilla terimi mavsumi qizg‘in pallaga kirib, yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Joriy yilda tumanda 3 970 quti ipak qurtidan 238 tonna pilla hosili yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda 1 500 xonadonda ipak qurti parvarish qilinib, pilla terimi jarayonlari tizimli tashkil etilgan.
Pillachilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlar va aholi vakillari tomonidan hosilni sifatli yig‘ib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumanda sohada mehnat qilayotgan oilalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, aholini qo‘llab-quvvatlash choralari izchil amalga oshirilmoqda.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan pillani qabul qilish, saralash va topshirish jarayonlari aniq reja asosida tashkil etilgan. Ayniqsa, xonadonbay ish uslubining yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab oilalarning daromad manbaini oshirish va iqtisodiy faolligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-29588]
Ma’lumotlarga ko‘ra, mavsum davomida 1 800 nafar aholining bandligi ta’minlangan. Hozirga qadar tuman bo‘yicha 65 tonna pilla hosili topshirildi.
Ayni kunlarda pilla terimi ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash, belgilangan reja ko‘rsatkichlarini ortig‘i bilan bajarish yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Hotam MAMADLIEV (surat), O‘zA