Shu kunlarda Toshkent viloyati qo‘shni davlatlar bilan chegaradagi va ko‘p millatli mahallalarida “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt” shiori ostida katta ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida vatanparvarlikni yanada kuchaytirish, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo munosabatlarni mustahkamlashdir. Bugungi kunda Toshkent viloyatida qirg‘iz, tojik, rus, turk, qoraqalpoq, koreys, qozoq, ukrain, tatar kabi saksondan ziyod turli millat va elat vakillari o‘zaro ahil, totuvlikda farovon turmush kechirmoqda. Viloyatda o‘ttizdan ziyod milliy-madaniy markazlari ham samarali faoliyat yuritmoqda.




Xususan, Parkent tumanidagi tojik, qirg‘iz millat vakillari ko‘p yashaydigan “Qo‘rg‘on”, “Yangiobod” hamda “Novdak” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham katta bayram tantanalari o‘tkazildi. Ushbu tadbir xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, millatlararo ahillik va hamkorlikni yanada yaxshilashga qaratilgan.


Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida milliy xalq o‘yinlari, sport musobaqalari o‘tkazildi. Parkentliklar kundalik hayotining bir qismi bo‘lgan o‘ziga xos milliy urf-odat, qadriyat va hunarmandchilik san’atini namoyish etdi. Yoshlar o‘zbek, tojik va qirg‘iz milliy raqs, kuy-qo‘shiq, badiiy chiqishlari orqali o‘z madaniy merosini ifoda etib, o‘zaro hurmat va birdamlikni namoyon qildi.


– Hududimiz aholisi ko‘p millatli bo‘lishiga qaramay urf-odatlari, to‘ylari birlashib ketgan. O‘zbek, tojik va qirg‘iz xalqlari bir biri bilan quda-andachilik qiladi, qarindoshlik joyiga qo‘yadi. Ularni bir biridan ajratib bo‘lmaydi. Yoshlarimiz ham shu ruhda tarbiyalangan. Bundan faxrlanamiz, – deydi “Qizilsoy” MFY raisi Mahmud Aloviddinov.

Tadbirda “Yashil makon” Umummilliy loyihasi doirasida mevali ko‘chatlar ekish ishlari olib borildi. Bahor taomlaridan sumalak tayyorlanib, xonadonlarga tarqatildi. Maktab o‘quvchilarining millatlararo do‘stlik, bag‘rikenglikni tarannum etuvchi suratlar ko‘rgazmasi namoyish qilindi. Milliy-madaniy markazlar faoliyatini aks ettiruvchi qo‘l mehnati bilan yasalgan hunarmandchilik namunalari barchada katta taassurot qoldirdi.
A.Musayev, O‘zA