Surxondaryo viloyatidagi so‘lim Ko‘hitang tog‘ tizmalari qo‘ynida joylashgan “Beshbuloq – Surxon – Sherobod” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida maroqli dam olayotgan qoraqalpog‘istonlik va surxondaryolik o‘quvchi-yoshlar uchun Xalqaro do‘stlik kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari, Sherobod tumani madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbir bolajonlarning o‘zaro do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlaydigan, ahillik, yaqin qardoshlik keng tarannum etilgan bayramga aylandi.

Ayni paytda mazkur oromgohda 101 nafar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani maktab o‘quvchilari va 150 ga yaqin surxondaryolik bolalar yozgi ta’til kunlarini sermazmun o‘tkazmoqda. Tubdan qayta rekonstruksiya qilingan so‘lim go‘shada bolajonlarning miriqib dam olishi, turli to‘garaklarda qatnashib o‘z iste’dodini keng namoyish etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘nga yaqin to‘garak bolajonlar ixtiyorida.

–Bolajonlarimiz baland tog‘larga tutashib ketgan go‘zal tabiat qo‘ynida maza qilib dam olayotganidan xursand, – deydi Taxiatosh tumanidagi 9-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari G.Junbanova. – Turli to‘garaklarda surxondaryolik tengdoshlari bilan birga ishtirok etib, do‘st tutinmoqda. “Besh tashabbus” bo‘yicha musobaqalarda bellashmoqda. Ularning bo‘sh vaqtida turli madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bolajonlarimiz uchun barcha sharoitni yaratib bergan mutasaddilardan minnatdormiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan. Shunga asosan Taxiatosh tumani hokimligi hamkorligida 2022 yilda Surxondaryo viloyati hokimligi amalga oshiradigan ishlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Viloyatning Termiz shahri va tuman hokimliklari Taxiatosh tumanining har bir mahalla va ovullariga biriktirilib, “mahallabay” ishlash tizimini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish hamda aholi bandligini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashmoqda. Viloyat hokimi boshchiligida viloyat tashkilotlari, faollar, tadbirkorlar, Taxiatosh tumanida bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, “mahallabay” ishlash tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirmoqda.
Jumladan, viloyat delegatsiyasi yilning o‘tgan davrida 22 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida bo‘lib, maktablarda surxondaryolik va qoraqalpog‘istonlik o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus – besh imkon” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari va ko‘rik-tanlovlar tashkil etdi. G‘oliblar munosib rag‘batlantirilib, uch ming dona kitob, 50 to‘plam kompyuter, ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun maktab formalari topshirildi.

Tumanda viloyat tadbirkorlari amalga oshiradigan loyihalar uchun 103,5 gektar yer maydoni ajratilib, kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Uning bosh rejasi ishlab chiqilib, hozirgacha 8 ta yer maydoni auksion savdosiga chiqarildi. Viloyat tadbirkorlari Taxiatoshda qiymati 239,6 milliard so‘mlik 19 ta loyihani ishga tushirishga bel bog‘lagan. Shuningdek, surxondaryoliklar tajribasi asosida ham yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda. Masalan, surxondaryoliklar tajribasini qo‘llab, “Ostona Kilem” mas’uliyati cheklangan jamiyati kooperatsiya asosida gilamchilikni tashkil etish loyihasini ishga tushirdi, 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Loyihani kooperatsiya asosida kengaytirish davom etmoqda.
Shu yil “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi nuroniylar choyxonasi, ovul fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino qurilib foydalanishga topshirildi. Yaqin kunlarda 150 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi boshlanadi.

Joriy yil mart oyida taxiatoshlik bir guruh yoshlar vohada bo‘lib, hudud bilan yaqindan tanishdi. Viloyatning “Navro‘z” umumxalq bayramida ishtirok etib, boy taassurotlar bilan qaytgan edi. Yozgi ta’til kunlarini betakror manzaralarga boy tabiat qo‘ynida o‘tkazayotgan bolajonlar ham Surxon tengdoshlari bilan do‘st tutinish uchun yaratilgan bu imkoniyatdan behad mamnun bo‘lmoqda.
–Bunday osmono‘par tog‘ qo‘ynida birinchi marta bo‘lishim,–deydi Taxiatash tumanidagi 12-maktabning 9-sinf o‘quvchisi R. Yuldasheva. –Tabiati juda go‘zal, ob-havosi o‘ta toza, salqin joy ekan. Menga juda yoqdi. Miriqib hordiq chiqarayapmiz. Surxondaryolik tengdoshlarimiz bilan tanishib, yangi dugonalar orttirayapmiz. Biz yoshlarning maqsadimiz mushtarak ekanidan baxtlimiz. Biz jonajon O‘zbekistonimiz hamisha mana shunday tinch, osuda va serfayz, do‘stlarga bag‘ri ochiq bo‘lishini istaymiz.
–O‘zbek va qaraqalpoq xalqini ikki millat atashsa-da, tilimiz deyarli bir xil ekan, – deydi Termiz shahridagi 12-maktab o‘quvchisi P.Pardayeva.– Qaraqalpoqistondan dam olishga kelgan tengqurlarimiz bilan juda tez til topishib ketdik. Turli musobaqalar tashkil etib, o‘zaro bellashayapmiz. Ba’zan tunni tongga ulab, suhbatlashayapmiz.

O‘zaro fikr almashib, sirdosh do‘st bo‘lib qolayapmiz. Dugonalarimiz bizni Qaraqalpoq diyoriga mehmonga ham taklif etishmoqda. Oromgohda har kuni tashkil etilayotgan bunday tadbirlar bizning do‘stlik rishtalarimizni yanada mustahkamlamoqda.
Oromgohda xalqaro do‘stlik kuniga bag‘ishlab, turli ko‘rik-tanlov va musobaqalar tashkil etildi. Sherobod tumani madaniyat bo‘limi san’atkorlari, do‘stlik, ahillik, o‘zaro hamjihatlik ulug‘langan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari va qiziqarli konsert dasturlarini namoyish etdi. Tuman “Barkamol avlod” markazining iste’dodli bolalari turli kuy-qo‘shiqlar va dostonlardan parchalar, dilrabo raqslar ijro etdi.
Tadbirda faol ishtirok etgan bolajonlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi va ma’naviyat-ma’rifat markazi viloyat bo‘limlarining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA