Do‘stlik festivali qalblarga quvonch ulashdi
Joriy yilning 12-14-may kunlari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Toshkent shahri hamda viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan kelgan 400 nafardan ortiq talaba-yosh ishtirokida “Do‘stlik festivali” yuqori saviyada tashkil etildi.
Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan tadbir doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, madaniy tadbirlar, sport musobaqalari, ijodiy kechalar, bayram konserti va ochiq muloqotlar bo‘ldi.

Ushbu tadbirlarda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim tizimidagi islohotlar, hududlarni kompleks rivojlantirish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Festival davomida turli hududlardan kelgan talaba-yoshlar o‘zaro fikr almashib, o‘quv jarayoni, institutda yaratilgan sharoitlar, shu bilan birga, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va madaniy an’analar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu loyiha yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni Vatanga sadoqat, millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga egadir.

“Do‘stlik festivali” talabalarda unutilmas taassurot qoldirib, yoshlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, do‘stlik va og‘zibirchilik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.