Xotin-qizlar bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini butun dunyo o‘rganishi kerak
Mamlakatimizda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Mehmonlar dastlab Samarqand viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Zulayho Mahkamova yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berdi. Davlatimiz rahbari boshchiligida oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, jamiyatda xotin-qizlar o‘rni va rolini oshirish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ijobiy natijalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida Diyene Keyta samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda o‘tayotgan har bir daqiqa unda unutilmas xotiralar qoldirayotganini ta’kidladi. Mamlakatning xotin-qizlar siyosati borasidagi islohotlarini alohida e’tiborga olgan nufuzli mehmon bu tajribani butun dunyoga ko‘rsatish orqali jahon miqyosida ularning qadr-qimmatini oshirishda keng foydalanish zarurligini qayd etdi.
– O‘zbekiston hukumatining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha amalga oshirayotgan islohotlari haqiqatda o‘rnak olishga arziydi, – dedi muloqot davomida Diyene Keyta xonim. – Tashrif davomida xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning nufuzli lavozimlarda faoliyat yuritayotganligi meni ana shunday xulosaga undadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2050-yilga borib O‘zbekiston aholisining 50 foizini xotin-qizlar tashkil etishi kutilmoqda. Bugungi islohotlardan keyin qo‘rqmay aytish mumkinki, mamlakatda ayollar o‘z o‘rni va roliga ega bo‘lib, jamiyatda teng huquqlilik tamoyillari bardavom bo‘ladi.
Tashrif davomida mehmonlar oilani qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasini ta’minlash borasidagi ishlarni bevosita kuzatish maqsadida Samarqand shahrida joylashgan “Oila maskani” markazi faoliyati bilan tanishdi. Diyene Keyta xonim markazda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, fuqarolar bilan muloqot qildi.
Bu yerda xotin-qizlarga kasb o‘rgatish, tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda yoshlarni oilaga tayyorlash, psixologik yordam, ona va bola huquqlarini ta’minlash xonalari faoliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-29438]
Tashrifning keyingi manzili Samarqand tumanidagi Konigil mahallasi bo‘ldi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quranboyev hamrohligida mehmonlar Konigil turizm qishlog‘i bilan yaqindan tanishishdi. Milliy hunarmandlik mahsulotlari, mahallada faoliyat yuritayotgan hunarmand xotin-qizlarning qo‘l mehnatida yaratilgan mahsulotlar mehmonlar hayratini oshirdi.
Shu yerda mehmonlarga O‘zbekiston mahallalar uyushmasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil qilingan mahalla yettiligining vazifalari batafsil tushuntirilib, amaliyotda erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida delegatsiya Samarqand shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan ham tanishdi. U yerda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Samarqand tashrifi tarixiy obidalar ziyorati bilan yakunlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari