Mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida "Dolzarb 90 kun" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan, ijod va sport maktablarida o‘quvchilar uchun “Dolzarb 90 kun” loyihasi samarali tashkil etilmoqda.

Loyiha doirasida o‘quvchilar uchun robototexnika, informatika, matematika, ingliz tili, tasviriy san’at, kitobxon o‘quvchi, shaxmat-shashka, stol tennisi, musiqa, voleybol, futbol va boshqa yo‘nalishlardagi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
“Renessans” sog‘lomlashtirish oromgohi ijod, sport hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning iqtidorli o‘quvchilarini qarshi oldi. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘quvchilar oromgohdagi innovatsion yozgi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadi.

Innovatsion yozgi o‘quv mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, IT va robototexnika, art dizayn, sport va intellektual o‘yinlar, kitobxonlik kabi yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi. Bunda o‘quvchilar o‘z iqtidorlarini namoyish etish, yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va ijodiy fikrlash salohiyatlarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA