Diplomlar o‘z egalariga topshirildi
Guliston davlat universitetida 2025/2026-o‘quv yili bitiruvchilariga bag‘ishlangan «Bitiruvchi – 2026» tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda bakalavriat va magistratura bosqichlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirni universitet rektori Muhsin Xodjiyev ochib, bitiruvchilarni oliy ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan qutladi hamda ularga kelgusi mehnat faoliyatida ulkan yutuqlar tiladi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, universitet professorlari Hazratqul Qarshiboyev va Ravshan Mahmudov yoshlarga samimiy tilaklar bildirib, egallagan bilim va salohiyatlarini mamlakat taraqqiyoti yo‘lida safarbar etishga chaqirdilar.
Marosimning eng hayajonli lahzasida bakalavriat va magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga diplomlar topshirildi. Imtiyozli diplom sohiblarining ota-onalari ham so‘zga chiqib, farzandlarining kamol topishida munosib hissa qo‘shgan ustozlarga minnatdorlik izhor etdilar.
Lingvistika yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan Kumushoy Qurbonova universitetda olgan bilimlari kelgusi faoliyati uchun mustahkam asos bo‘lishini ta’kidladi.
[gallery-30459]
— Magistraturada tahsil olgan yillarim men uchun nafaqat chuqur nazariy bilim, balki mustaqil fikrlash, ilmiy izlanish va kasbiy mahoratini oshirish maktabi bo‘ldi. Universitetda egallagan bilim va ko‘nikmalarimni amaliyotda qo‘llab, ta’lim va ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganman. Bugun qo‘limga olgan diplomim menga katta mas’uliyat yuklaydi va kelgusi faoliyatim uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishiga ishonaman, — deydi lingvistika yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan Kumushoy Qurbonova.
Tantana yakunida bitiruvchilar ustozlari bilan esdalik suratlariga tushishib, universitet bilan xayrlashdilar. Shu tariqa, Guliston davlat universiteti yana bir bilimli, tashabbuskor va yuksak maqsadlar sari intiladigan yoshlar avlodini katta hayotga kuzatdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA