Xorazmda Lyaoning pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, xorijiy dasturlar asosida iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, sohaga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy qilish, zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi asosida iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari salohiyatini rivojlantirib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan Xorazmda Xitoy Xalq Respublikasi Lyaoning pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali tashkil etiladi.
Filial Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Urganch davlat universiteti va Universitet muassisligidagi oliy ta’lim tashkiloti - yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi.
Filial akademik mustaqil oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi.
Ta’lim jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi hamda kunduzgi va muqobil ta’lim shakllarida o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida olib boriladi.
Moliyaviy-xo‘jalik, tashkiliy va ma’muriy faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan Filial ijrochi direktori Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Filialda ta’lim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bunda:
2030/2031 o‘quv yiliga qadar o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishning butun davri davomida to‘liq davlat granti asosida o‘qitiladi;
2030/2031 o‘quv yilidan boshlab belgilangan tartibda tasdiqlanadigan yillik qabul parametrlarining 30 foizi davlat granti asosida shakllantiriladi.
Filial bitiruvchilariga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Filial va (yoki) Universitet dillomi beriladi.
Filial talabalarining amaliyotlari o‘quv rejalariga muvofiq hududdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxona (tashkilot)larida, jumladan, dual ta’lim asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Lyaoning pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialiga akademik hamkor sifatida mahalliy oliy ta’lim tashkilotlari biriktiriladi.
Akademik hamkor oliy ta’lim tashkilotlari:
a) Filialni yuqori malakali pedagog kadrlar hamda o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashga ko‘maklashadi;
b) Filial dasturlari asosida 2027/2028 o‘quv yili uchun o‘zining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari fan dasturlarini takomillashtiradi;
v) 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab Filial bilan hamkorlikda talabalar va pedagog kadrlarning o‘zaro akademik mobilligini bosqichma-bosqich amalga oshiradi;
g) Filial bilan birgalikda tegishli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish choralarini ko‘radi.
O‘zA